235 раз просмотрено
Опубликовано 23/06/2020 - 08:39

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Turizm sohasini jadal sur'atlarda tiklash va mamlakatdagi sanitariya-epidemiologik vaziyat barqarorlashgandan so‘ng uni rivojlantirishning yangi yo‘nalishlarini shakllantirish maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 maydagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta'sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6002-son Farmoniga muvofiq:

1. Belgilansinki:

a) 2021 yil 1 yanvardan 2023 yil 31 dekabrga qadar mehmonxonaga belgilangan tartibda berilgan toifa saqlangan taqdirda tegishli yil yakuniga ko‘ra joylashtirish vositasining toifasi uchun undirilgan turistik (mehmonxona) yig‘im summasining 50 foizi joylashtirish vositalariga qaytariladi;

b) joylashtirish vositalari tomonidan, shu jumladan, xalqaro bronlashtirish maydonlarida muvofiqlik belgisidan (yulduzlar) noqonuniy foydalanganlik holati mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatish uchun berilgan sertifikatning amal qilishini qoidabuzarlikning belgilangan tartibda bartaraf etilguniga qadar to‘xtatib turish uchun asos bo‘lib hisoblanadi;

v) 2020 yil 1 avgustdan boshlab:

reyslar soni va yo‘nalishlari bo‘yicha cheklovlarni bekor qilishni, shuningdek, xorijiy aviakompaniyalarga beshinchi darajadagi “havo erkinligi”ni taqdim etishni nazarda tutuvchi “Ochiq osmon” rejimi “Andijon”, “Buxoro” va “Urganch” xalqaro aeroportlarida xalqaro huquq normalariga muvofiq joriy etiladi;

xorijiy aviakompaniyalar ularning tegishli hujjatlarini tekshirish natijalariga ko‘ra Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (IKAO) uchish xavfsizligi va aviatsiya xavfsizligi bo‘yicha standartlariga muvofiq bo‘lishi sharti bilan havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimning mavjudligidan qat'i nazar “Ochiq osmon” rejimi joriy etilgan xalqaro aeroportlarga doimiy qatnovlarni amalga oshira oladi;

mamlakatning “Ochiq osmon” rejimi joriy etilgan xalqaro aeroportlariga qatnovlarni amalga oshirayotgan xorijiy aviakompaniyalarga tarif va yig‘imlar uch yil davomida O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan aviakompaniyalar uchun belgilangan miqdorda qo‘llaniladi;

investorlarning yo‘lovchi tashuvchi yangi dor yo‘llarini (“Chorvoq” erkin turistik zonasi hududida tashkil etilayotganlardan tashqari) tegishli xavfsizlik darajasini ta'minlagan holda qurish va jihozlash uchun yo‘naltirilgan xarajatlarining bir qismi ularni 2023 yil 31 dekabrga qadar foydalanishga topshirish va uzunligi bir tomonga kamida 500 metr bo‘lish sharti bilan har bir 500 metr yo‘l uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga (keyingi o‘rinlarda – Byudjetdan tashqari jamg‘arma) ajratiladigan mablag‘lar hisobidan 1 milliard so‘m miqdorida qoplanadi. Belgilansinki, bunda yo‘lovchi tashuvchi yangi dor yo‘llarini qurish va jihozlash bo‘yicha dastlabki 50 ta loyihaga yo‘naltirilgan investorlar xarajatlarining bir qismi qoplanadi;

turistik zonalar va qishloq joylari hududida tegishli standartlarga asosan O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Qurilish vazirligining namunaviy loyihalari bo‘yicha joylashtirish vositalarini tez quriladigan konstruksiyalar (o‘tovlar, konteynerlar, sendvich panellar) bilan qurish uchun tadbirkorlik sub'yektlari xarajatlarining bir qismi bunday tipdagi joylashtirish vositalarining joylari soni 50 mingtaga yetguniga yoki 2023 yil 31 dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan har bir joy uchun 5 million so‘mgacha miqdorda qoplanadi;

2020 yil 31 dekabrga qadar “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” (“O‘zbekiston. Xavfsiz sayohat KAFOLATLANGAN”) tizimining xavfsiz ob'yektlari reyestriga kiritilgan, turizm va yondosh infratuzilma ob'yektlarining bino va inshootlarida sanitariya-epidemiologiya xizmati tashkilotlari tomonidan dezinfeksiya, dezinseksiya, deratizatsiya hamda yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishining oldini olish va darajasini pasaytirishga qaratilgan epidemiyaga qarshi kurashish profilaktik tadbirlarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan xo‘jalik sub'yektlarining xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan qoplanadi;

shaharlar va tumanlar bosh rejalarini ishlab chiqish va tasdiqlash jarayonida ular turizm infratuzilmasini rivojlantirish qismida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan majburiy kelishiladi;

gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilarning xizmatlari o‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (xizmatlar, ishlar) turlari ro‘yxatiga kiritiladi;

g) 2020 yil 1 iyuldan 2023 yil 1 iyulga qadar nodavlat (xususiy) muzeylar, badiiy galereyalar va hunarmandchilik markazlarining asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i, mol-mulk va yer soliqlari hamda aylanmadan olinadigan soliq stavkalari belgilangan miqdorga nisbatan 50 foizga kamaytiriladi.

2. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi hamda turizm sohasi sub'yektlarining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

turistlar uchun “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” sanitariya-epidemiologik xavfsizlik tizimini joriy etish;

O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan turoperator tomonidan “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” tizimi talablariga rioya qilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi hududida tashkil etilgan sayohat davomida xorijiy turistlar koronavirus (COVID-19) infeksiyasini yuqtirib olgan taqdirda, ularga 3 ming AQSH dollari miqdorida kompensatsiya to‘lovlarini to‘lab berish mexanizmlarini joriy qilgan holda Xavfsiz turizm jamg‘armasini tashkil etish.

3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq turoperatorlar tomonidan xorijiy turistlarga xizmat ko‘rsatish karantin davrida faqat “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” tizimining xavfsiz ob'yektlari reyestriga kiritilgan turizm va yondosh infratuzilma ob'yektlarida tashkil qilinadi.

Belgilansinki:

Xavfsiz turizm jamg‘armasi Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasining 20 milliard so‘m miqdordagi dastlabki to‘lovi, shuningdek, “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” tizimi doirasida joriy etilayotgan ixtiyoriy sertifikatlashtirishdan o‘tish uchun to‘lanadigan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdoridagi to‘lov hisobidan shakllantiriladi;

xorijiy turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi ob'yektlarda “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” tizimi majburiy tartibda joriy etiladi;

xorijiy turistlarga xizmat ko‘rsatishda “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” tizimida belgilangan shart va talablarning buzilishida aybdor bo‘lgan tashkilotlarning mansabdor shaxslari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda 2021 yil 1 yanvaridan boshlab xorijiy fuqarolar uchun viza rejimini yanada liberallashtirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan salmoqli kapital, yuqori akademik bilimlar yoki o‘ziga xos ko‘nikmalarga ega shaxslarni O‘zbekiston Respublikasida doimiy istiqomat qilishga jalb etishni nazarda tutuvchi “Uzbekistan – my second home” (“O‘zbekiston – mening ikkinchi uyim”) immigratsiya dasturini joriy etish bo‘yicha takliflar kiritsin.

5. Belgilansinki:

a) O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasining “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq tuziladigan turistik-rekreatsion zonalarini (keyingi o‘rinlarda – turistik zonalar) rivojlantirish hamda ularning faoliyatini tashkil qilish sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi va quyidagi qo‘shimcha vazifalarni amalga oshiradi:

turistik zonalarning samarali boshqaruvini tashkil qilish;

turistik zonalar hududida turizm infratuzilmasi ob'yektlarini barpo etish va ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur investitsiyaviy shart-sharoitlarni yaratish;

turistlarning maqsadli toifalari orasida turistik zonalarning salohiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha marketing ishlarini olib borish;

b) O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri turistik zonalar ma'muriy kengashiga rahbarlik qiladi;

v) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq turizm sohasidagi davlat aktivlarini sotishdan tushgan mablag‘larning O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetiga taqsimlanadigan qismi Byudjetdan tashqari jamg‘armaga turizm infratuzilmasini tashkil etish va rivojlantirish, mamlakatning turizm salohiyatini targ‘ib qilish uchun yo‘naltiriladi;

g) turistik zonalar hududida joylashgan va davlatga tegishli bo‘lgan mulkiy komplekslar hamda yer uchastkalarini sotishdan tushadigan mablag‘lar quyidagi tartibda taqsimlanadi:

75 foizi – tegishli turistik zonalar direksiyalari hisobiga;

25 foizi – Byudjetdan tashqari jamg‘arma hisobiga;

d) turizm sohasidagi “startap” loyihalar va innovatsion biznes g‘oyalarni inkubatsiya yoki akseleratsiya dasturlariga qabul qilish uchun nomzodlarni tanlash bo‘yicha Maslahat kengashi tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari kiritiladi.

6. “Chorvoq” erkin turistik zonasi ma'muriy kengashi tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda koronavirus pandemiyasi va global inqirozli holatlarning mamlakat turizm sohasiga salbiy ta'sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

2020 yilda koronavirus pandemiyasi va global inqirozli holatlarning mamlakat turizm sohasiga salbiy ta'sirini kamaytirish hamda mamlakatning turizm salohiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan Byudjetdan tashqari jamg‘armaga kamida 10 milliard so‘m mablag‘ ajratsin;

2020 yil 1 iyulgacha “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetining professor-o‘qituvchilar, boshqaruv, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatuvchi va texnik xodimlarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida 2020 yilning ikkinchi yarim yilligi uchun universitetning yarim yillik ish haqi fondi miqdoridagi mablag‘larni Byudjetdan tashqari jamg‘armaga o‘tkazib bersin;

2021 yildan boshlab har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida Byudjetdan tashqari jamg‘armaga mamlakatning turizm salohiyatini targ‘ib qilishni moliyalashtirish uchun Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining asoslantirilgan talabnomasiga muvofiq mablag‘ ajratilishini ta'minlasin;

2020 yil 1 oktyabrgacha Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda turizm sohasi sub'yektlari xizmatlari tannarxini pasaytirish maqsadida ularga qo‘shimcha soliq imtiyozlari va preferensiyalar berish, shuningdek, subsidiyalar ajratish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:

muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan tashqari turizm infratuzilmasi ob'yektlarini joylashtirish uchun ajratilgan salohiyatli o‘rmon fondi hududlarini rejalashtirish va loyihalashtirish;

suv omborlari va o‘rmon xo‘jaliklarida turizm turlarini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan Hukumat qarorlarining ijrosini monitoring qilish;

respublika kinolokatsiyalarini, shu jumladan, jamoat tashkilotlari va tadbirkorlik sub'yektlarini jalb qilgan holda xorijda targ‘ib qilish.

9. Viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tuzilmasida quyidagi lavozimlar joriy etilsin:

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining tegishli hududiy bo‘linmalaridagi bittadan shtat birligini qisqartirish hisobiga Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Navoiy, Sirdaryo, Surxondaryo, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahar hokimining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi;

Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlarida hokimning turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi o‘rniga tegishlicha turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari lavozimi.

Belgilansinki, mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan lavozimlarga nomzodlar O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri o‘rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi taqdimnomasiga asosan belgilangan tartibda tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hududiy bo‘linmasining bitta shtat birligini qisqartirish hisobiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimini joriy etish tavsiya etilsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Transport vazirligi, Madaniyat vazirligi, “Uzbekistan Airports” AJ va “Uzbekistan Airways” AJning “Andijon” xalqaro aeroportiga “Zahiriddin Muhammad Bobur” nomini berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Transport vazirligi va “Uzbekistan Airports” AJ bilan birgalikda ikki oy muddatda mamlakatning hududiy xalqaro aeroportlariga eng yaxshi nomlarni aniqlash bo‘yicha ommaviy tanlovni e'lon qilsin va uning natijalari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan aviakompaniyalarning murojaatlariga ko‘ra ularga parvozlar xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha choralarga rioya qilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi hukumatining havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo kelishuvlariga muvofiq tayinlangan (shu jumladan, qo‘shimcha tarzda tayinlangan) aviakompaniya maqomini belgilangan tartibda bersin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari, Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 1 yanvardan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi yagona tizimni yaratish va joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin:

Davlat soliq qo‘mitasining ma'lumotlar bazasini turistik yig‘im hisobini yuritishning yagona tizimi (keyingi o‘rinlarda – Yagona tizim) bilan integratsiyalash;

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan, shu jumladan, bronlashtirish tizimining dasturiy mahsulotlarini tahlil qilish orqali joylashtirish vositalarining bandligini o‘rganish va turistik yig‘imlarning to‘liq tushumi ustidan kameral nazoratni amalga oshirish;

turistik yig‘im to‘lovini qabul qilish uchun Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan muvofiqlashtiriladigan axborot markazlarida Yagona tizimning faoliyat yuritishi;

Yagona tizimni mahalliy mobil to‘lov dasturlari va xalqaro to‘lov tizimlari bilan integratsiyalash;

Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari ma'lumotlari bazasini ma'lumotlarni uzatish rejimida Yagona tizim bilan integratsiyalash;

Yagona tizimdan foydalangan holda, turistik yig‘im to‘lovining to‘langanligini tekshirish orqali xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning mamlakat hududida bo‘lishi hamda undan o‘z vaqtida chiqib ketishini nazorat qilish mexanizmini yo‘lga qo‘yish;

statsionar davolash xizmatlarini ko‘rsatuvchi davolash muassasalarini Yagona tizimga ulash bo‘yicha qo‘shimcha litsenziya talablarini belgilash.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Davlat xavfsizlik xizmati bilan birgalikda ikki oy muddatda Yagona tizimni yaratishning texnik topshirig‘ini ishlab chiqsin.

Belgilansinki, Yagona tizim loyihasi davlat organlarining axborot tizimlariga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalarni jalb qilgan holda, Byudjetdan tashqari jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ishlab chiqiladi.

13. Buxoro, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida ro‘yxatga olingan turoperatorlarga, istisno tariqasida, ushbu hududlarda xizmat ko‘rsatish uchun dvigatel hajmi 2,4 litrdan kam bo‘lmagan yuqori o‘tish qobiliyatiga ega transport vositalari import qilinayotganda bojxona bojini amaldagi stavkaning 50 foizi miqdorida, qolgan qismini olib kirilgan sanadan boshlab 3 yil davomida to‘lashga ruxsat etilsin.

Belgilansinki, bunda ushbu transport vositalariga davlatning ro‘yxatga olish raqam belgilarining alohida seriyalari beriladi va ulardan tegishincha faqat Buxoro, Navoiy va Surxondaryo viloyatlari hududida foydalanishga ruxsat etiladi.

14. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Transport vazirligi, Energetika vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Uy-joy va kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi uch oy muddatda quyidagilarni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

a) Jizzax viloyati hokimligi bilan birgalikda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hududida turistik zonani yaratish va rivojlantirish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini:

yangi “Orom qirg‘og‘i” (“Leisure Coast”) turistik zonasida suvda dam olish turlari va plyaj turizmini rivojlantirish;

Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimiga yo‘lovchilarni tashish uchun temir yo‘llarni yotqizish qiymatining dastlabki hisob-kitoblarini qilish va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, doimiy avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yish;

tadbirkorlik sub'yektlarini jalb qilgan holda turizm va unga yondosh infratuzilmani rivojlantirish;

b) Navoiy va Buxoro viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda To‘dako‘l ko‘li hududida turistik zonani tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha suvda dam olish turlari va plyaj turizmini rivojlantirish, temir yo‘l stansiyalarini qurish maqsadga muvofiqligini o‘rganish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, ko‘lga yo‘lovchilarni tashish uchun doimiy avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlik sub'yektlarini jalb qilgan holda turizm va unga yondosh infratuzilmani rivojlantirishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini;

v) Jizzax viloyati hokimligi bilan birgalikda mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilgan holda Zomin tumanida umummavsumiy, qishki va yozgi dam olish maskanlarini tashkil etish bo‘yichachora-tadbirlar rejasini.

15. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligining quyidagi loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin:

fuqarolarning faol dam olishini tashkil etish (shaharda yurish, terrenkur, trekking va xayking), kasallanish darajasini, shu jumladan, yurak xastaliklarini kamaytirishni nazarda tutuvchi “Piyoda turistik marshrut”;

xorijiy mamlakatlar fuqarolariga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlarni tizimlashtirish va turlarini kengaytirishni nazarda tutuvchi “Uzbekistan – hope and healing land” (“O‘zbekiston – umidli va shifobaxsh zamin”) tibbiy turizm dasturini rivojlantirish;

respublikaning madaniy meros ob'yektlari hududlarida belgilanmagan joylarda chiqindi tashlaganlik uchun jarimalarni oshirish, elektr ta'minotiga “yashil” texnologiyalarni joriy qilish, chiqindini utilizatsiya qilish, suv resurslaridan unumli foydalanishni nazarda tutuvchi “Clean&Eco”.

16. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari bilan birgalikda 2021 yil 1 yanvardan boshlab “G‘ishtko‘prik” (Toshkent viloyati) va “Xayraton” (Surxondaryo viloyati) xalqaro nazorat-o‘tkazish punktlarida mavjud infratuzilma doirasida chegaradan tezkor o‘tish mexanizmlari – “Fast track” xizmatini quyidagilarning tashkil etilishini nazarda tutgan holda joriy qilsin:

avtotransport vositalarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini kesib o‘tayotgan jismoniy shaxslarning navbatdan tashqari pasport va bojxona nazorati jarayonlarini tezlashtirgan tartibda amalga oshirish uchun alohida yo‘lak;

jismoniy shaxslarning dam olishi va hordiq chiqarishi uchun shart-sharoitlar, shu jumladan, onalar va bolalar xonalari, ovqatlanish shoxobchalari hamda tijorat banklari filiallarini tashkil qilish va valyuta ayirboshlash uchun bankomatlar o‘rnatgan holda “VIP” zallar.

Bunda quyidagilar nazarda tutilsin:

a) “VIP” zallarni qurish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, bojxona organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi hisobidan qoplanadi;

b) “Fast track” xizmati pullik asosda, shu jumladan, chegarani kesib o‘tishdan oldin 90 kun mobaynida oldindan to‘lov qilish yoki mobil ilovalar orqali to‘lash imkoniyatini yaratgan holda amalga oshiriladi;

v) xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan mablag‘lar quyidagi tartibda taqsimlanadi:

80 foizi – Davlat bojxona qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, bojxona organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi hisobiga;

20 foizi – Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari hisobiga.

O‘zbekiston Respublikasining boshqa xalqaro nazorat-o‘tkazish punktlarida “Fast track” xizmatini joriy qilish, ularning o‘tkazish oqimini hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan grafik asosida amalga oshiriladi.

17. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining mamlakatdagi turistik zonalarga avtotransport vositalari (jamoat va maxsus transportlar, shuningdek, turistik zonalar hududida yashovchi aholining avtotransport vositalaridan tashqari) bilan kirish uchun yig‘im undirish mexanizmini joriy qilish bo‘yicha takliflariga rozilik berilsin.

18. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

a) ikki hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibni tasdiqlasin:

xorijiy oshxona yoki alohida yo‘nalish bo‘yicha ixtisoslashgan tematik ovqatlanish shoxobchalarini, ovqat va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish, shuningdek, suvenir mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha xizmatlarni tashkil etish yuzasidan loyiha tashabbuskorlariga grantlar ajratish;

yangi turizm mahsulotlari va yo‘nalishlarini ishlab chiqish va targ‘ib qilish uchun gid va turoperatorlarga grantlar ajratish;

turizm sohasi sub'yektlarining foiz xarajatlarini subsidiyalash;

joylashtirish bo‘yicha xizmatlar (mehmonxona xizmatlari) narxining 10 foizi miqdorida joylashtirish vositalarini subsidiyalash;

turoperatorlar va turagentlarga O‘zbekiston Respublikasiga olib kelingan va xizmat ko‘rsatilgan har bir xorijiy turist uchun rag‘batlantiruvchi subsidiyalar ajratish;

havo va temir yo‘l chiptalari uchun turoperatorlarning xarajatlarini qisman subsidiyalash;

mehmonxonalarning toifa olish va uni ko‘tarish uchun renovatsiya, rekonstruksiya hamda moddiy-texnik bazani mustahkamlash bo‘yicha xarajatlarini qoplash;

turizm maqsadida yo‘lovchi tashuvchi yangi dor yo‘llarini qurish va jihozlash uchun investorlar xarajatlarini qoplashga mablag‘ ajratish;

O‘zbekiston Respublikasi hududida sayohat davomida xorijiy turistlar koronavirus (COVID-19) infeksiyasini yuqtirib olgan taqdirda, ularga kompensatsiya to‘lovlarini to‘lab berish;

“Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” tizimi doirasida ixtiyoriy sertifikatlash, shuningdek, sertifikatlash uchun to‘lovlarni amalga oshirish;

“Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” tizimining xavfsiz ob'yektlari reyestrini yuritish;

b) bir oy muddatda turizm hududlariga transport vositalari bilan kirish uchun yig‘im undirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni yig‘imni undirishning aniq mexanizmlari va miqdorlarini, shuningdek, yig‘imni tegishli turistik zona Direksiyasiga yo‘naltirishni nazarda tutgan holda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

v) ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga quyidagi takliflarni kiritsin:

ov qilish huquqiga doir ruxsatnoma berganlik uchun davlat boji miqdorini oshirish;

ov qurolini va sportga mo‘ljallangan o‘qotar qurolni hamda uning o‘q-dorilarini, shuningdek, tig‘li qurolni (pichoqlarning milliy turlaridan tashqari) ishlab chiqarish, ta'mirlash va realizatsiya qilish uchun to‘lanadigan yig‘im miqdorini oshirish.

19. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi:

koronavirus pandemiyasining turizm sohasiga salbiy ta'sirini kamaytirish bo‘yicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilishini inobatga olgan holda va xavfsiz turizmni tashkil qilishga alohida e'tibor qaratib, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining markaziy apparati va hududiy bo‘linmalari tuzilmasiga umumiy belgilangan shtatlar soni doirasida o‘zgartirishlar kiritsin;

kelajakda inqiroz holatlarini prognoz qilish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatning rivojlanish ssenariylarini ishlab chiqish uchun, shuningdek, ularning mamlakat turizm sohasiga salbiy ta'sirini kamaytirish bo‘yicha oldini olish choralarini amalga oshirish maqsadida har oyda yuzaga kelgan pandemiya bilan bog‘liq vaziyatni kompleks tahlil qilsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

20. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilsin.

21. Vazirlik va idoralar ikki oy muddatda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

22. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi 

       Prezidenti                                                                                Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2020 yil 19 iyun

 


conv
conv
phone