75 marta ko'rildi
Nashr etilgan 26/05/2020 - 09:26

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab‑quvvatlash bo‘yicha navbatdagi chora‑tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Koronavirus pandemiyasi davrida iqtisodiy o‘sish va investitsiyaviy faollikni rag‘batlantirish, ishlab chiqarish sur'atlarini tiklash, aholi bandligini oshirish, daromadlarini ko‘paytirish va tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab‑quvvatlash maqsadida:

1. Quyidagilar 2020 yilning 1 iyunidan 1 sentyabrigacha bo‘lgan davrda mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilinsin:

kichik tadbirkorlik sub'yektlari;

bozorlar va savdo komplekslari,kinoteatrlar, umumiy ovqatlanish korxonalari, jamoat transporti korxonalari, sport-sog‘lomlashtirish muassasalari, shuningdek, yo‘lovchi tashish, maishiy xizmatlar ko‘rsatish, binolarni, shu jumladan, banketlar o‘tkazish uchun ijaraga berish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar.

2. Kichik tadbirkorlik sub'yektlariga quyidagi summalarni hisobdan chiqarish ko‘rinishida davlat tomonidan qo‘shimcha qo‘llab‑quvvatlash taqdim etilsin:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi PF-5969‑son va 2020 yil 3 apreldagi PF‑5978‑son farmonlariga asosan foizsiz kechiktirish (bo‘lib‑bo‘lib to‘lash) berilgan, 2020 yil aprel va may oylari uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i summalari;

2020 yil 15 may holatiga yer solig‘i va mol‑mulk solig‘i bo‘yicha 2020 yil 1 yanvardan boshlab hosil bo‘lgan penya va jarimalar summalari.

3. Tadbirkorlik sub'yektlariga tovarlar (ishlar, xizmatlar) import qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash bo‘yicha 120 kun muddatgacha kechiktirish olish huquqi berilganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.

Bojxona organlariga murojaat qilgan kungacha bir yildan kam bo‘lmagan davrda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirayotgan mikrofirma va kichik korxonalarga tovarlarni (iste'mol tovarlaridan tashqari) olib kirishda undiriladigan bojxona boji va aksiz solig‘ini to‘lash muddatini 2020 yil 1 iyulgacha kechiktirishni qo‘llash huquqi, keyinchalik kechiktirilgan summani 120 kun mobaynida teng ulushlarda to‘lash sharti bilan berilsin.

4. Belgilansinki, 2020 yilning 1 mayidan 1 iyuligacha bo‘lgan davrda mikrofirma va kichik korxonalarga (aksizosti tovarlar ishlab chiqaruvchilar, davlat korxonalari va ustav jamg‘armasida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizgacha kamaytiriladi.

5. Mikrofirma va kichik korxonalarda 2020 yil 15 may holatiga soliqlar, penyalar va soliq qonunchiligini buzganlik uchun hisoblangan jarimalar bo‘yicha mavjud bo‘lgan qarzdorlikni undirish 2020 yil 1 sentyabrgacha to‘xtatilsin.

Davlat soliq xizmati organlari 2020 yil 15 may holatiga mikrofirma va kichik korxonalarning bankdagi hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini hisobdan chiqarish va o‘tkazish bo‘yicha inkasso topshiriqnomalarini chaqirib olsin.

Mikrofirma va kichik korxonalarga 2020 yil 15 may holatiga soliq majburiyatlarini bajarish bo‘yicha ijro etilmagan to‘lov topshiriqnomalarini qaytarib olish huquqi berilsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 1 maydagi “Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash hamda ipoteka krediti bozorini yanada kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4701-son qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi resurslari hisobidan yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun kredit ajratilishi bo‘yicha o‘tkazilayotgan eksperiment Toshkent shahriga tatbiq etilsin.

7. 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam oluvchilar soni 2020 yil 1 iyundan boshlab qo‘shimcha 10 foizga oshirilsin.

8. Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tomonidan quyidagi foiz xarajatlarini qoplashga kompensatsiya berish tarzida tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etilsin:

tadbirkorlik sub'yektlariga Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmagan miqdordagi foiz stavkasi bilan milliy valyutada beriladigan investitsiyaviy kreditlar bo‘yicha, Jamg‘arma to‘g‘risidagi nizom talablarini hisobga olgan holda kredit shartnomasi amal qilishining birinchi yili davomida;

2020 yil 1 oktyabrga qadar tadbirkorlik sub'yektlariga aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun milliy valyutada 500 million so‘mgacha beriladigan kreditlar bo‘yicha Jamg‘arma to‘g‘risidagi nizom talablarini hisobga olgan holda kredit shartnomasi amal qilish muddati davomida 10 foizlik punkt miqdorida.

9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil koronavirus pandemiyasi davrida taqdim etilgan imtiyozlar va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarining to‘liq va o‘z vaqtida qo‘llanilishi ustidan monitoring o‘rnatsin va qonun buzganlik uchun javobgarlik choralarini qo‘llash bo‘yicha takliflar kiritsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari, shuningdek, byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga (zaruriyat bo‘lganda) soliq imtiyozlari berilishi va ijtimoiy nafaqa oluvchilar sonining oshishi natijasida olinmay qolinadigan daromadlar munosabati bilan Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan subsidiyalar ajratsin.

11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2020  yil 18 may

manba:uza.uz

 


conv
conv
phone