28 marta ko'rildi
Nashr etilgan 14/09/2020 - 11:34

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Yer umummilliy boylik, O‘zbekiston xalqining hayoti, faoliyati va farovonligi asosi, eng muhim tabiiy resurs hisoblanadi. Shu sababli, yerlardan oqilona, samarali va belgilangan maqsadda foydalanishni ta'minlash, yerlarni muhofaza qilish, yer bilan uzviy bog‘langan Davlat kadastrlari yagona tizimini to‘laqonli yuritish davlatning eng muhim vazifalaridandir.

Iqtisodiy sohadagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar yer va unga bog‘liq resurslarning aniq hisobini yuritish, ulardan oqilona foydalanish tizimini yanada takomillashtirishni talab etmoqda.

Xususan, yerlarni ajratish, ularning hisobini yuritish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish, yer nazoratini amalga oshirish vazifalarining yagona organda to‘planganligi, yer uchastkalari, bino
va inshootlarga (keyingi o‘rinlarda – ko‘chmas mulk) kadastr yig‘majildi ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning o‘zi tomonidan tayyorlanishi sohada manfaatlar to‘qnashuvini yuzaga keltirmoqda.
Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining qishloq xo‘jaligi yerlari va ekinlarini monitoring qilish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish, qishloq xo‘jaligi yerlarini muhofaza qilish bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshirish, tuproq bonitirovkasini o‘tkazish, qishloq xo‘jaligi yerlarining me'yoriy qiymatini aniqlash, tuproq unumdorligini oshirish, tuproqshunoslik, geobotanikaga oid tadqiqotlarni amalga oshirishga doir vazifalari, funksiyalari hamda vakolatlari Qishloq xo‘jaligi vazirligiga o‘tkazilsin.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarning tarkibidagi o‘zgarishlarni o‘z vaqtida aniqlash, salbiy jarayonlarning oldini olish va oqibatlarini tugatish maqsadida ularning monitoringini o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi doirasida amalga oshirilishi belgilansin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya
va davlat kadastri davlat qo‘mitasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi (keyingi o‘rinlarda – Kadastr agentligi) tashkil etilsin.
3. Quyidagilar Kadastr agentligining asosiy vazifalari hamda faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:

a) ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasida:

ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini ta'minlash;

ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;

davlat yer kadastri, binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish;

ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta'minlashga va yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan samarali yer nazoratini amalga oshirish;

b) geodeziya va kartografiya sohasida:

geodeziya va kartografiya sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini ta'minlash;

aerokosmik suratga olish, topografiya-geodeziya, kartografiyaga oid izlanishlar hamda tadqiqotlarni, yerlarni masofadan zondlash, geodinamik tadqiqotlar ma'lumotlari va materiallaridan foydalangan holda kartografik monitoringni amalga oshirish;

davlat kartografiya-geodeziya kadastrini yuritish;

davlat geodeziya nazoratini amalga oshirish;

v) davlat kadastrlarini yuritish sohasida:

davlat kadastrlarini yuritish sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini ta'minlash;

davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat kadastrlarini yuritish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;

Davlat kadastrlari yagona tizimini yuritish, hududlar davlat kadastrining samarali yuritilishini ta'minlash;

davlat kadastrlarini yuritish tartiblariga rioya qilinishini ta'minlashga qaratilgan samarali kadastr nazoratini amalga oshirish;

g) ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, geodeziya, kartografiya va davlat kadastrlarini yuritish sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish;

d) ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, geodeziya, kartografiya va davlat kadastrlarini yuritish sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni ta'minlash.

4. Quyidagilar:

ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning, shu jumladan, yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqi, egalik qilish, foydalanish va ijaraga olish huquqining vujudga kelishi, o‘zgarishi, boshqa shaxsga o‘tishi, cheklanishi va bekor bo‘lishi faqat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyin kuchga kirishi;

ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaslikda aybdor shaxslarga ma'muriy javobgarlik belgilanganligi;

ko‘chmas mulkning turi, tavsifi, hajmi, qiymati va boshqa ko‘rsatkichlarini aniqlash maqsadida uning kadastr yig‘majildi tayyorlanishi ma'lumot uchun qabul qilinsin.

5. Shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq:

zaxirada turgan va yangi ajratilayotgan yer uchastkalariga kadastr yig‘majildi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda – tuman (Quvasoy shahar) qishloq xo‘jaligi bo‘limining, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda – tuman (shahar) qurilish bo‘limining murojaatiga muvofiq tuman (shahar) hokimligining buyurtmasiga asosan tayyorlanadi, ushbu xarajatlar yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish vaqtida mazkur yer uchastkasiga ega bo‘lgan shaxs tomonidan qoplanadi;

yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar mazkur Farmon kuchga kirgunga qadar vujudga kelgan, biroq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan bo‘lsa, ularga kadastr yig‘majildini tayyorlash hamda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish huquq egalarining buyurtmalariga asosan ularning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

davlat organlari va tashkilotlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, shu jumladan, o‘rmon xo‘jaliklari, suv xo‘jaligi tashkilotlari, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar, ijtimoiy muassasalarga berilgan yer uchastkalariga kadastr yig‘majildini tayyorlash hamda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish balansda saqlovchilarning buyurtmalariga asosan va ularning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

kadastr yig‘majildi Kadastr agentligi tomonidan shahodatlangan kadastr muhandislari hamda Kadastr agentligi tizimidagi tashkilotlar tomonidan shartnoma asosida tayyorlanadi;

2020 yil 1 oktyabrdan boshlab yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning vujudga kelishi, o‘zgarishi, boshqa shaxsga o‘tishi, cheklanishi va bekor bo‘lishini nazarda tutuvchi qarorlar, auksion va tanlov bayonnomalari, notarial tasdiqlangan bitimlar hamda boshqa hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Milliy geografik axborot tizimida (keyingi o‘rinlarda – Milliy geoaxborot tizimi) davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin kuchga kiradi;

davlat yer kadastri, binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish orqali to‘plangan ma'lumotlar asosida amalga oshiriladi.

6. Belgilansinki, 2021 yil 1 yanvardan boshlab:

yer turi, konturi, chegarasi va huquq egalari haqidagi barcha ma'lumotlar Kadastr agentligining onlayn geoportaliga (keyingi o‘rinlarda – onlayn geoportal) kiritiladi;

onlayn geoportal Milliy geoaxborot tizimiga integratsiya qilinadi;

yer balansi va uning hisoboti, tuman (shahar) yer kadastri daftari faqat Milliy geoaxborot tizimida yuritiladi;

Davlat kadastrlari yagona tizimi Milliy geoaxborot tizimida shakllantiriladi;

tegishli davlat kadastrlari ma'lumotlari Milliy geoaxborot tizimiga faqat telekommunikatsiya tarmoqlari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqdim etib boriladi.

7. Kadastr agentligi:

a) ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga:

yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish hamda davlat kadastrlarini yuritish tartibini buzish bilan bog‘liq ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar faqat Kadastr agentligi organlari tomonidan ko‘rib chiqilishini nazarda tutuvchi qonun loyihasini;

ko‘chmas mulk ob'yektlarining davlat kadastri sohasida davlat xizmatlari narxlarini qayta ko‘rib chiqish, shu jumladan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun undiriladigan yig‘imni kamaytirish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini kiritsin;

b) 2020 yil 1 noyabrga qadar onlayn geoportalni sinov tariqasida ishga tushirsin;

v) 2020 yil 1 dekabrga qadar barcha qishloq xo‘jaligi xaritalarining onlayn geoportalga kiritilishini hamda uning Milliy geoaxborot tizimiga integratsiya qilinishini ta'minlasin;

g) 2021 yil 1 yanvardan boshlab onlayn geoportalni to‘liq ishga tushirsin.

8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Davlat soliq qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Qurilish vazirligi bilan birga yer uchastkalarini ajratish haqidagi qarorlar, auksion va tanlov bayonnomalari hamda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning vujudga kelishi, o‘zgarishi va bekor bo‘lishiga asos bo‘lgan boshqa hujjatlarning 2021 yil yakuniga qadar Milliy geoaxborot tizimida to‘liq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta'minlasin.

9. Belgilansinki, qishloq xo‘jaligi yerlarining normativ qiymatini aniqlash va qayta baholash, tuproq bonitirovkasi va tuproq xaritalarining korrektirovkasini o‘tkazish, sug‘oriladigan yerlarda tuproq agrokimyoviy tadqiqot ishlarini bajarish va agrokimyoviy kartogrammalar tuzish, tuproq (yer) monitoringini o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan nazarda tutiladigan mablag‘lar 2021 yil 1 yanvardan boshlab Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ajratiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi ikki oy muddatda tuproq bonitirovkasi ishlarini o‘tkazish, qishloq xo‘jaligi yerlarining normativ qiymatini aniqlash va geobotanikaga oid tadqiqotlarni amalga oshirishga tadbirkorlik sub'yektlarini jalb qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 apreldagi “Qishloq xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5708-son Farmoni 1-bandiga 1-ilovaga muvofiq qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritilsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 2-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

12. Davlat soliq qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga:

ikki hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasini;

ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni kiritsin.

13. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                          Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020 yil 7 sentyabr

 

 Manba: Uza.uz


conv
conv
phone