52 marta ko'rildi
Nashr etilgan 23/09/2020 - 10:45

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Mamlakatimizda axborot tizimini jadal rivojlantirish, aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish, turli axborot tizimlarida va masofaviy xizmat ko‘rsatishda shaxsni identifikatsiyalashning yagona mexanizmini joriy etish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini samarali ta'minlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi "O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini yaratish hamda O‘zbekiston Respublikasi biometrik pasport tizimini modernizatsiya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ–4079-son qarori bilan respublikaning mavjud biometrik pasport tizimi infratuzilmasi negizida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti o‘rniga 2021 yildan boshlab identifikatsiya ID-kartalarini rasmiylashtirish va berish tizimini joriy etish nazarda tutilganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.

2. Keng jamoatchilik fikrlarini va ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

identifikatsiya ID-kartalarini olish va almashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, o‘z ixtiyoriga ko‘ra xohlagan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga, ularni almashtirish uchun esa davlat xizmatlari markazlariga ham murojaat qilishi uchun imkoniyatni yaratish;

identifikatsiya ID-kartalarini olish uchun O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan manzildagi ichki ishlar organining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasiga, almashtirish uchun esa o‘z ixtiyoriga ko‘ra xohlagan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga murojaat qilishi uchun imkoniyatni yaratish;

identifikatsiya ID-kartasining blankasida egasining millati haqidagi ma'lumotlar ko‘rsatilmasdan ID-kartaning chipiga kiritilishi;

fuqaro o‘z ID-kartasini olish yoki almashtirish yuzasidan o‘z vaqtida murojaat qilmagan, yaroqsiz holga keltirgan va yo‘qotib qo‘ygan taqdirda, ma'muriy javobgarlikka tortilmasligi;

yangi tug‘ilgan bolaga identifikatsiya ID-kartalari majburiy berilmasdan, uning tug‘ilishi FHDYO organi tomonidan qayd etilib, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma taqdim qilinganidan so‘ng ota-onasi, vasiylari (homiylari) ixtiyoriga ko‘ra rasmiylashtirilishi.

3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:

identifikatsiya ID-kartalari belgilangan hujjatlar qabul qilib olingandan so‘ng 1 ish kuni mobaynida rasmiylashtirib beriladi;

identifikatsiya ID-kartasini rasmiylashtirish uchun murojaat o‘zgalar yordamiga muhtoj qariyalar va nogironligi bo‘lgan shaxslardan kelib tushganda mas'ul xodim tomonidan 15 kun muddatda ushbu shaxslarning yashash manziliga borgan holda identifikatsiya ID-kartasi rasmiylashtiriladi va ko‘rsatilgan xizmat uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.

4. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiya ID-kartasi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet davlat fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning identifikatsiya ID-kartasi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari biometrik pasportlari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxs va chet davlat fuqarolarining yashash guvohnomalarini identifikatsiya ID-kartalariga almashtirish:

birinchi bosqichda 2021 yil 1 yanvardan 2022 yil 31 dekabrgacha ixtiyoriylik asosida 16 yoshga to‘lganda hamda qonunchilikda ko‘zda tutilgan boshqa sabablarga ko‘ra;

ikkinchi bosqichda 2023 yil 1 yanvardan 2030 yil 31 dekabrgacha majburiy tartibda amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti 2031 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.

6. Belgilansinki:

identifikatsiya ID-kartasini rasmiylashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunida belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 5 yanvardagi PF–4262-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimi to‘g‘risidagi Nizom, amaldagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasporti 2030 yil 31 dekabrgacha haqiqiydir.

7. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, Adliya vazirligi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birga 2020 yil 31 dekabrga qadar:

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida identifikatsiya ID-kartasini olish uchun murojaat qilish, elektron navbatga turish va onlayn to‘lovni amalga oshirish imkoniyati joriy etilishini;

identifikatsiya ID-kartasini olish uchun murojaat etilganda tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma "Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining yagona elektron arxivi" axborot tizimi orqali olinishini ta'minlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:

a) 2020 yil 31 dekabrga qadar:

Fuqarolar davlat xizmatlarini olish yuzasidan murojaat qilganda va idoralararo o‘zaro elektron hamkorlikni tashkil qilishda dasturiy platformalardan keng foydalangan holda identifikatsiya ID-kartasidan foydalanish imkoniyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan imkoniyatlarni tatbiq etish orqali “Elektron hukumat” tizimini modernizatsiya qilsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda fuqarolar davlat idoralari va tashkilotlariga murojaat qilganda identifikatsiya
ID-kartasidan foydalanishni ta'minlash uchun zarur bo‘lgan texnik va texnologik sharoitlar o‘rganilishini hamda joriy etilishini tashkillashtirilishini ta'minlasin;

b) O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, Adliya vazirligi bilan birgalikda 2022 yil 31 dekabrga qadar identifikatsiya ID-kartasidan foydalanishda xalqaro tajribani o‘rganib, uning asosida “Elektron hukumat” tizimining davlat va aholi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlari bo‘yicha qo‘shimcha elektron shakllarini ishlab chiqib, takomillashtirishni tashkil etsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

bir oy muddatda identifikatsiya ID-kartalarini O‘zbekiston Respublikasida joriy qilish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi Konsepsiya va uni amalga oshirish “Yo‘l xaritasi” loyihalarini;

ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Ichki ishlar vazirligi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida Farmonda belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini aholi orasida keng yoritilishini ta'minlasin.

14. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Maxmudov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020 yil 22 sentyabr

 Manba:Uza.uz


conv
conv
phone