73 marta ko'rildi
Nashr etilgan 30/06/2020 - 14:46

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.

Davlat organlari zimmasidagi vazifa va funksiyalarni bajarishda yuzaga keladigan korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni baholash tizimini takomillashtirish hamda davlat xizmatiga halollik standartlarini joriy etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatda byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish choralari ko‘rilmoqda hamda “Korrupsiyasiz soha” loyihalari amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini tubdan oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar korrupsiya holatlarining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, ularni bartaraf etishning ta'sirchan tizimini yaratishni taqozo etmoqda. Ushbu ishlarga fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat sektorning boshqa vakillarini ham keng jalb etish zarurati tug‘ilmoqda.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturini izchil ro‘yobga chiqarish, shuningdek, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan davlat siyosatining samaradorligini oshirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) tashkil etilsin.

Belgilab qo‘yilsinki, Agentlik:

korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat sektor vakillarining birgalikdagi samarali faoliyatini ta'minlash, shuningdek, mazkur sohadagi xalqaro hamkorlik uchun mas'ul bo‘lgan maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi;

o‘z faoliyatini qonuniylik, xolislik, hisobdorlik, ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida boshqa davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bo‘ysunadi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari oldida hisobdordir;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor tomonidan boshqariladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Agentlik direktorini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish to‘g‘risidagi farmonlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan tasdiqlanadi.

2. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:

mamlakatda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilishni ta'minlash, shuningdek, korrupsiyaga oid xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan sohalar hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash;

korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini, shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning tizimli sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat va boshqa dasturlarni shakllantirish va amalga oshirish;

fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan kompleks dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish masalalariga oid axborotlarni tarqatish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish orqali jamiyatda korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish;

vazirlik va idoralarning korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish, davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat sektor vakillarining ushbu masalalar bo‘yicha birgalikdagi samarali faoliyatini tashkil etish;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan korxonalar, shu jumladan, banklarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (“komplayens-nazorat”) hamda korrupsiyaga qarshi kurashishning boshqa xalqaro vositalarini joriy etish va samarali faoliyat ko‘rsatishini tashkillashtirish, zamonaviy usullar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida korrupsiyaga qarshi monitoring olib borish, shuningdek, ularning mazkur sohadagi faoliyati bo‘yicha reytingini tuzish;

normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasi samaradorligini ta'minlash, shuningdek, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, xalqaro standartlarni va ilg‘or xorijiy amaliyotni joriy etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;

davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi va samarali faoliyat ko‘rsatishini hamda deklaratsiyalarning haqqoniyligi tekshirilishini tashkil etish, shuningdek, ushbu jarayonda aniqlangan korrupsiya holatlariga o‘z vaqtida ta'sir choralari ko‘rilishini ta'minlash;

davlat xizmatiga halollik standarti (“halollik vaksinasi”) va manfaatlar to‘qnashuvini hal etish standartlarini joriy etishda ko‘maklashish bo‘yicha ta'sirchan choralarni ko‘rish, shuningdek, ularga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;

byudjet mablag‘lari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning qarzlaridan foydalanish, davlat aktivlarini realizatsiya qilish va davlat xaridlari sohasida korrupsiyaga qarshi nazorat tizimining samaradorligini tahlil qilish, shuningdek, uni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;

korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda mamlakatning imijini mustahkamlash va uning xalqaro reytinglardagi o‘rnini oshirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;

korrupsiyaning holati, tendensiyalari va sabablari hamda korrupsiyaga qarshi choralar ko‘rishning samaradorligi yuzasidan sotsiologik, ilmiy va boshqa tadqiqotlarni tashkil etish, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning ta'sirchanligini oshirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;

korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatning ochiqligi va shaffofligini ta'minlash, shu maqsadda ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat sektorning boshqa vakillari bilan samarali hamkorlikni amalga oshirish.

3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq Agentlik:

har yili ommaviy axborot vositalari orqali e'lon qilinishi lozim bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida milliy ma'ruzani tayyorlaydi hamda uni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga kiritadi;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining korrupsiyaga qarshi kurashishga mas'ul bo‘lgan qo‘mitalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining tegishli qo‘mitasi, xalq deputatlari viloyatlar hamda Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlarining korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyalari bilan hamkorlik qiladi;

korrupsiyaga oid, birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlariga va xalqaro imijiga zarar yetkazuvchi jinoyatlarni tergov qilish natijalarini kompleks tahlil qiladi hamda natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga axborot beradi;

korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida jamiyat va davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanilishiga erishish ustidan nazoratni amalga oshiradi;

normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish tizimi samaradorligini tahlil qiladi va uni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritadi;

fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda hududlar, iqtisodiyot tarmoqlari va boshqa sohalar kesimida korrupsiyaning darajasini baholovchi Korrupsiyani qabul qilish milliy indeksini tuzishni tashkillashtiradi;

davlat xaridlari sohasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish maqsadida davlat buyurtmachisi ISO 37001 korrupsiyaga qarshi standartini qo‘llashni ko‘zda tutuvchi talabni o‘rnatadi;

joylarda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan hududiy dasturlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etadi;

korrupsiya holatlariga doir materiallarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalariga taqdim etadi.

4. Agentlikka quyidagi huquqlar berilsin:

byudjet mablag‘larining sarflanishi, davlat aktivlarining realizatsiya qilinishi, davlat xaridlari, investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va davlat dasturlari bajarilishi bilan bog‘liq materiallarni talab qilish, olish va o‘rganish;

o‘z vakolatiga taalluqli masalalar yuzasidan o‘rnatilgan tartibda normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish;

jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya masalalari bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘rish;

davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida korrupsiya holatini o‘rganish;

korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, tizimli korrupsiyaning rivojlanish tendensiyalarini tahlil qilish maqsadida qonunchilik, shu jumladan, jinoyat-protsessual qonunchiligiga muvofiq jinoyat ishlari materiallarini o‘rganish;

o‘rganish va boshqa tadbirlar natijalari bo‘yicha to‘plangan materiallarni faoliyatida korrupsiyaga oid huquqbuzarlik alomatlari bo‘lgan shaxslarga nisbatan qonunga muvofiq choralar ko‘rish, jumladan, jinoyat ishlarini qo‘zg‘atish uchun huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlariga taqdim etish;

korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar bo‘yicha ma'muriy surishtiruvlar o‘tkazish;

ijro hokimiyati va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda ularning mansabdor shaxslari qarorlarida korrupsiya belgilari aniqlangan hollarda ularning ijrosini to‘xtatish yoki bekor qilish to‘g‘risida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalarni kiritish;

davlat organlari, tashkilotlari va ularning mansabdor shaxslariga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirishlar hamda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish to‘g‘risida taqdimnomalar kiritish.

Agentlikning ogohlantirish, taqdimnoma va murojaatlari o‘n kun ichida ko‘rib chiqilishi va natijalari yuzasidan yozma axborot berilishi shart.

5. Belgilansinki:

Agentlik xodimlarining tarkibi yurisprudensiya, iqtisodiyot, moliya, soliq, audit, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa sohalar bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar orasidan to‘ldiriladi;

Agentlikning hujjatlar, materiallar va boshqa ma'lumotlarni taqdim etish, taftish va tekshirishlar o‘tkazish, mutaxassislar ajratish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risidagi talablarini bajarish davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, ularning mansabdor shaxslari va fuqarolar uchun majburiydir;

Agentlik xodimlari o‘z vakolatlari doirasida korrupsiyaning sabab va shart-sharoitlarini o‘rganish hamda tahlil qilish maqsadida davlat organlari va tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ushlab turilganlarni va qamoqqa olinganlarni saqlash joylari, jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirishga va hujjatlar bilan tanishishga haqli;

korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy ravishda Agentlik bilan kelishilishi lozim.

6. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi va uning hududiy idoralararo komissiyalari O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi (keyingi o‘rinlarda – Milliy kengash) va uning hududiy kengashlari etib qayta tashkil etilsin.

O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Agentlik Milliy kengashning ishchi organi etib belgilansin.

Agentlik Milliy kengash faoliyatini samarali tashkiliy-uslubiy qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, ish rejalarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda Milliy kengash tomonidan qabul qilingan qarorlarning ijrosini tashkil etishni ta'minlasin.

7. Agentlik uch oy muddatda:

Agentlikni yuqori malakali kadrlar bilan, birinchi navbatda, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amaliy ish tajribasiga ega va Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni professional darajada bajarishga qodir shaxslar orasidan to‘ldirilishini;

Agentlik faoliyati tashkil etilishini tartibga soluvchi hujjatlar paketi, shu jumladan, Agentlik tuzilmalari to‘g‘risida nizomlar va xodimlarining odob-axloq qoidalari ishlab chiqilishini ta'minlasin.

Belgilab qo‘yilsinki:

Agentlikni xodimlar bilan to‘ldirish konkurs asosida xalqaro standartlarga muvofiq Agentlik tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi;

Agentlikka birinchi marta ishga qabul qilinadigan xodimlar ishdan ajratilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning nazariy va amaliy masalalari, xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni o‘rganishni qamrab oluvchi maxsus o‘quv dasturlari bo‘yicha ta'lim oladi.

8. Agentlik:

a) Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda, shu jumladan, xalqaro tashkilotlarning mablag‘larini jalb qilgan holda, 2020-2021 yillarda barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (“komplayens-nazorat”)ni bosqichma-bosqich joriy etish choralarini ko‘rsin;

b) davlat xaridlari sohasida mas'uliyatni oshirish va korrupsiyani bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Bosh prokuraturasi bilan birgalikda uch oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonuni talablarini, shu jumladan, xarid qilish tartib-taomillari turlarini belgilash va ijrochini tanlash shartlarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;

davlat xaridlari doirasida tuzilgan shartnomalarni majburiy ravishda e'lon qilish, shuningdek, davlat xaridlarini tanlov va tender savdolari orqali zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda faqat elektron shaklda amalga oshirish tartibini joriy etish bo‘yicha takliflarni kiritsin;

v) O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Adliya vazirligi, Markaziy banki va Hisob palatasi bilan birgalikda uch oy muddatda, shu jumladan, uy-joy kommunal xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, qurilish va energetika sohalarida davlat xaridlari, davlat mulkini boshqarish va undan foydalanishda qonun hujjatlariga rioya etilishi holati bo‘yicha o‘rganish o‘tkazsin;

g) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda doimiy asosda davlat xaridlarida affillanganlik, shu jumladan, xaridlar ishtirokchilarining oxirgi benefitsiar egalariga taalluqli manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va oldini olish choralarini ko‘rish maqsadida masofaviy monitoring o‘tkazsin.

9. Agentlik zimmasiga:

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tarmog‘ining Istanbul harakatlar dasturi doirasidagi ishlar hamda ishlab chiqilgan tavsiyalarning amalga oshirilishini ta'minlash;

BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi boshqa xalqaro shartnomalari qoidalarining bajarilishi bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy koordinatori vazifa va vakolatlari yuklatilsin.

10. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Bosh prokuraturasi bilan birgalikda uch oy muddatda:

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyati, shuningdek, ushbu sohadagi davlat va boshqa dasturlar samaradorligini monitoring qilish hamda baholash imkonini beruvchi “E-Anticor.uz” elektron platformasi;

korrupsiya holatlari haqida Agentlikni xabardor qilish imkonini beruvchi maxsus mobil dasturiy ta'minot;

Agentlikka davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlarning ma'lumotlar bazalaridan foydalanish imkoniyatini ta'minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va joriy etilishini ta'minlasin.

11. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Bosh prokuraturasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda, xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda:

ikki oy muddatda – O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishini hamda Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashiga kiritilishini;

uch oy muddatda – “O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi to‘g‘risida”gi, “Davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulki va manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi, “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonun loyihalari ishlab chiqilishini va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritilishini;

uch oy muddatda – Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro standartlarini O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga implementatsiya qilishni davom ettirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishini hamda ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun Milliy kengashga kiritilishini ta'minlasin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Agentlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar, shu jumladan, binolarni ta'mirlash, mebel va boshqa moddiy-texnik vositalar bilan jihozlash uchun o‘rnatilgan tartibda mablag‘lar ajratish choralarini ko‘rsin;

2021 yildan boshlab har yili O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti parametrlarida alohida modda bilan Agentlik faoliyatini hamda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish choralarini moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin.

13. Vazirlar Mahkamasi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Agentlikni joylashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda unga har tomonlama ko‘maklashsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda ushbu Farmonning maqsad va vazifalarini yoritish bo‘yicha maqolalar chop etilishini va tematik teleko‘rsatuvlar berib borilishini tashkil etsin.

16. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida takliflarni kiritsin.

17. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                   Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020 yil 29 iyun

UzA


conv
conv
phone