59 marta ko'rildi
Nashr etilgan 02/07/2020 - 09:13

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

Bo‘sh turgan ob'yektlardan samarali foydalanishni tashkil etish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Faoliyat ko‘rsatmayotgan, foydalanilmasdan turgan noturar ob'yektlardan oqilona va samarali foydalanish hamda ularni tashkilotlarning xo‘jalik faoliyatiga keng jalb etish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining (keyingi o‘rinlarda – Agentlik):

Agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari huzuridagi “Davlat mulkini ijaraga berish markazi” davlat unitar korxonalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Bo‘sh turgan ob'yektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazini (keyingi o‘rinlarda – Markaz) hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalarini (keyingi o‘rinlarda – hududiy boshqarmalar) tashkil etish;

Agentlik tuzilmasiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori o‘rinbosari – Bo‘sh turgan ob'yektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi direktori (keyingi o‘rinlarda – Markaz direktori) lavozimini kiritish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:

mulkchilik shaklidan qat'i nazar, barcha toifadagi bo‘sh turgan noturar bino va inshootlarni, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini (keyingi o‘rinlarda – bo‘sh turgan ob'yektlar) aniqlash va hisobini yuritish;

bo‘sh turgan davlat mulki ob'yektlarini saqlash va ulardan samarali foydalanish, shu jumladan, davlat mulki ob'yektlarini ijaraga berishni tashkil etish;

ijaraga berilgan davlat mulki ob'yektlarini va ularni ijaraga berishdan tushadigan mablag‘larni hisobga olish va ularning monitoringini olib borish;

ijaraga berilgan davlat mulki ob'yektlaridan maqsadli foydalanilishini va ularning saqlanishini, shuningdek, ijara to‘lovi o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishini nazorat qilish;

davlat muassasalari (korxonalari)ga biriktirilgan davlat mulki ob'yektlaridan samarali foydalanilishi va ularning saqlanishini belgilangan tartibda tekshirish;

davlat muassasalari (korxonalari)ga operativ boshqaruv huquqi bilan berilgan davlat mulki ob'yektlarining ortiqcha qismini, shuningdek, foydalanilmayotgan yoki maqsadsiz foydalanilayotgan davlat mulki ob'yektlarini olib qo‘yish;

Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi xulosasiga asosan yaroqsiz deb topilgan davlat mulki ob'yektlarini buzish to‘g‘risida qaror qabul qilish;

bo‘sh turgan xususiy mulk ob'yektlarini ularning mulkdorlari ixtiyoriga ko‘ra ijaraga berilishida har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatish.

Markaz davlat boshqaruvi organi hisoblanadi va o‘ziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida barcha davlat organlaridan, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlardan va boshqa davlat tashkilotlaridan zarur bo‘lgan axborot va materiallarni so‘rab olishga haqli.

3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Bo‘sh turgan ob'yektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazining markaziy apparati tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Quyidagilar:

Markazning boshqaruv xodimlari cheklangan soni 309 nafar, shu jumladan, markaziy apparat boshqaruv xodimlari soni – 22 nafar etib;

Agentlikning Bo‘sh turgan davlat ob'yektlarini aniqlash va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish boshqarmasi tugatilib, uning 8 ta shtat birligi Markazga o‘tkazilishi;

Markazning markaziy apparati moddiy-texnik ta'minoti va 9 nafar boshqaruv xodimlari shtat birligini saqlash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan moliyalashtirilishi;

hududiy boshqarmalarning 287 nafar boshqaruv xodimi shtat birligini, shuningdek, markaziy apparatning 13 nafar boshqaruv xodimi shtat birligini saqlash bilan bog‘liq xarajatlar Markazning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi belgilansin.

Belgilansinki, Markaz va hududiy boshqarmalar xodimlariga, to‘lov manbalaridan qat'i nazar, Agentlik va uning hududiy boshqarmalari xodimlari uchun qonun hujjatlarida va boshqa hujjatlarda nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya shartlari tatbiq etiladi.

Markaz direktoriga Agentlik direktori bilan kelishilgan holda Markazning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan markaziy apparat va hududiy boshqarmalarga boshqaruv xodimlarining qo‘shimcha shtat birliklarini kiritish huquqi berilsin.

4. Quyidagilar Markaz va hududiy boshqarmalar faoliyatini (xodimlarning ish haqi, mukofotlar, ustamalar va boshqa to‘lovlar) moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;

davlat mulki ob'yektlari ijarasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tushadigan mablag‘lar;

Agentlikning huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasi mablag‘lari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

5. Belgilansinki:

Markaz Agentlikning tugatilayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari huzuridagi “Davlat mulkini ijaraga berish markazi” davlat unitar korxonalarining barcha huquqlari va majburiyatlari, shu jumladan, shartnomaviy munosabatlar bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

bo‘sh turgan ob'yektlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar Markaz tomonidan avtomatlashtirilgan tizim orqali tegishli davlat organlaridan olinadi;

Markaz va hududiy boshqarmalar xodimlari o‘z vakolatlari doirasida bo‘sh turgan ob'yektlarga to‘sqinliksiz kiradi va ko‘zdan kechiradi. Bunda, xususiy mulk ob'yektlariga kirish va ularni ko‘zdan kechirish Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida amalga oshiriladi;

Markaz va hududiy boshqarmalarga tegishli davlat mulki ob'yektlarini saqlash bilan bog‘liq xarajatlar Markaz hisobidan, pul mablag‘lari mavjud bo‘lmaganda Agentlik huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi;

Markaz bo‘sh turgan ob'yektlardan samarali foydalanish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida har yili 1 aprelga qadar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib boradi;

bo‘sh turgan ob'yektlar to‘g‘risida ma'lumotlar (ob'yekt to‘g‘risidagi qisqa ma'lumot, geolokatsiya joylashuvi va boshqalar) Markazning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi va har oyda yangilab boriladi;

belgilangan tartibda tuzilgan foydalanilmayotgan ob'yektlarni aniqlash va foydalanilmayotgan ob'yektlarni xo‘jalik faoliyatiga jalb etish bo‘yicha ishchi guruhlar hududiy boshqarmalarga haftalik axborot kiritib boradi;

hududiy boshqarmalar xodimlari tuman (shahar)larning har bir mahallasiga biriktiriladi hamda vakolati doirasida mahalla hududida joylashgan bo‘sh turgan ob'yektlarni aniqlash va ulardan samarali foydalanishni tashkil etadi;

bo‘sh turgan davlat mulki ob'yektlari, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturiga kiritilgan ob'yektlar bundan mustasno, saqlash va ulardan kelgusida samarali foydalanish (xususiylashtirish, ijaraga berish va boshqa) maqsadida Markaz va hududiy boshqarmalarga topshiriladi;

bo‘sh turgan ob'yektlar ro‘yxati Markaz tomonidan har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga kiritib boriladi;

Markazning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

6. 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

a) barcha auksion savdolari natijalari QR-kod (matrik shtrixli kod)ni qo‘llash orqali rasmiylashtiriladi;

b) “E-IJRO AUKSION” tizimida quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy qilinadi:

“mobil identifikatsiya qilish” bilan shaxsni identifikatsiyalash imkonini beruvchi mobil ilovalar orqali auksionda ishtirok etish;

davlat mulki ob'yektlarini ijaraga berish shartnomasini ijaraga beruvchi va ijarachi o‘rtasida elektron shaklda (shu jumladan, elektron raqamli imzo orqali) ikki tomonlama tuzish orqali rasmiylashtirish;

savdolarda mavjud bo‘lgan lotlar haqida batafsil ma'lumotlarni o‘z ichiga oluvchi doimiy yangilanib turadigan va Agentlikning rasmiy veb-saytida joylashtiriladigan elektron katalogni yaratish.

7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Agentlik, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi doimiy ravishda bo‘sh turgan ob'yektlarni aniqlab, ularni Markaz va hududiy boshqarmalarga operativ boshqaruv huquqi asosida o‘tkazib borish choralarini ko‘rsin.

8. Agentlik bir oy muddatda:

a) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda:

Markaz va hududiy boshqarmalarni zamonaviy texnika bilan ta'minlash choralarini ko‘rsin;

Markaz va hududiy boshqarmalar zimmasiga yuklatilgan vazifalar yuzasidan sudlarga kiritiladigan da'volar va arizalar bo‘yicha davlat boji to‘lashdan ozod qilish to‘g‘risida qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

b) O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Bo‘sh turgan ob'yektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

v) “O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Binolardan foydalanish direksiyasi” davlat unitar korxonasi negizida davlat muassasasi shaklidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Binolardan foydalanish direksiyasini tashkil etsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

ushbu qaror ijrosini ta'minlash doirasida Markazning xarajatlari uchun 2020 yilga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari doirasida mablag‘ ajratsin va 2021 yildan boshlab zarur byudjet mablag‘larini ko‘zda tutsin;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2020 yil uchun tasdiqlangan xarajatlar parametrlariga ushbu qaror talablaridan kelib chiqib tegishli o‘zgartirishlar kiritsin;

Markazga xizmat avtotransport vositalarini sotib olish uchun zarur mablag‘larning ajratilishini ta'minlasin va 3 ta, shu jumladan, 2 ta shaxsiy biriktirilgan xizmat avtotransport vositalarini saqlashga limit ajratsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Markaz murojaatiga asosan uni o‘rnatilgan tartibda hukumat aloqasi bilan ta'minlasin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

12. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                                        Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020 yil 1 iyul

Uza.uz


conv
conv
phone