150 marta ko'rildi
Nashr etilgan 10/02/2020 - 17:57

Jahon eʼtirofidagi shoir

Har yili Vatanimizda 9-fevral — buyuk shoir va mutafakkir bobokalonimiz Alisher Navoiy tavallud sanasi mamlakatimizda bayramona tarzda nishonlanishi yaxshi anʼanaga aylangan. Joriy yilda esa ushbu qutlugʻ sana yana-da koʻtarinkilik, oʻzgacha shukuh bilan, adabiyot, maʼnaviyat, ilm-maʼrifat, doʻstlik ayyomi sifatida oʻtkazilmoqda.
 
Shoir nomi bilan yuritiluvchi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetiga tutash hududda bobomiz haykali qad rostlagan maydonda Alisher Navoiy tavalludining 579-yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Erta tongdanoq bu maskan keng jamoatchilik, turli vazirlik va idoralar, milliy madaniy markazlar, ijodiy tashkilotlar, xorijiy diplomatik korpus vakillari, yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, soʻz sanʼati muxlislari, talaba-yoshlar, nuroniylar bilan gavjum boʻldi.
 
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid va boshqalar mamlakatimizda milliy adabiyotimizga, taʼlim-tarbiyaga eʼtibor koʻrsatish, ustoz-muallimlar mehnatini ardoqlash, adabiyot, sanʼat va madaniyatni yana-da ravnaq toptirish borasidagi ezgu saʼy-harakatlar yangicha ruh, oʻzgacha shiddat bilan olib borilayotganini taʼkidladi.
 
Darhaqiqat, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan kitobxonlikni keng ommalashtirish, yoshlarga mehr va eʼtibor koʻrsatish, milliy anʼana va qadriyatlarimizni asrash, odamlar dardu-tashvishi bilan yashash, hayotimizni yana-da farovon etish borasidagi keng qamrovli islohotlarda buyuk allomalarimizning boy maʼnaviy merosini oʻrganish, ular asarlarining mohiyatini sodda, ravon tarzda yoshlarga yetkazish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu jihatlar milliy adabiyotimiz, ona tilimiz, maʼnaviyatimiz ravnaqiga betimsol hissa qoʻshgan daho bobomiz Navoiy ijodini oʻrganishda, uning qoʻlyozmalarini oʻrganish va keng jamoatchilikka taqdim etishda xorijiy ilmiy markazlar, universitetlar, muzey va arxiv fondlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda ham yaqqol namoyon boʻlmoqda.
 
2020-yil — “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da ham Navoiy bobomiz ulugʻlagan, asarlarining mazmun-mohiyatiga aylangan gʻoyalar yoshlar kamolotiga, taʼlim-tarbiyasiga eʼtibor, aholining barcha qatlamlarining manfaatlarini himoyalash, ilm-fanni tobora ravnaq toptirish va shu orqali yurtni yana-da obod etishga oid ishlar koʻlami tobora ortmoqda. Prezidentimiz Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida tilga olingan “halollik vaksina“si aynan Navoiy, Bobur singari allomalarning asarlaridagi poklik, odamiylik, toʻgʻrilik daʼvatida mujassam ekani bilan ahamiyatlidir.
 
Tantanali tadbirda ozarbayjonlik navoiyshunos olim, xalqaro Bobur mukofoti sohibi Ramiz Asqar, afgʻonistonlik shoir va oʻqituvchi, navoiyshunos Toshqin Bahoiy, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, mohir shoir va tarjimon Nikolay Ilin Navoiy merosining umrboqiyligi, jahon yozuvchi va shoirlari, olim va tadqiqotchilari uchun hamisha ilhom manbai boʻlib xizmat qilayotganini taʼkidladi.
 
- Oʻn-oʻn besh yildirki, oʻzbek adabiyoti boʻyicha tadqiqotlar olib boraman, — dedi ozarbayjonlik navoiyshunos olim, xalqaro Bobur mukofoti sohibi Ramiz Asqar. — 2009-yilda “XX asr oʻzbek sheʼriyati antologiyasi“ni nashrga tayyorladim. Unda koʻplab oʻzbek shoirlarning tarjimayi holi, ijodidan namunalar keltirilgan. 2011-yilda “Boburnoma“ni ozarbayjon tiliga tarjima etdim. Oʻzbekistonda oʻtkaziluvchi navoiyshunoslikka doir ilmiy konferensiyalarda doimiy qatnashib kelaman. Daho shoir ijodining qirralari zamonlar osha yana koʻplab tadqiqotlar, izlanishlarga olimlarni chorlab qolaveradi.
 
- Navoiy va Boburlarning xoki yotgan zamindan kelib, bunday tadbirda ishtirok etayotganimdan gʻoyat mamnunman, — dedi afgʻonistonlik shoir Toshqin Bahoiy. — Hazrat Alisher Navoiy ijodi barcha oʻzbeklarning mushtarak merosidir. Agar Oʻzbekistonda ulugʻ zot sifatida uning tavallud sanasi shu qadar katta tayyorgarliklar bilan nishonlanishiga sazovor boʻlsa, Afgʻoniston xalqi uchun ul zot ham moddiy, ham maʼnaviy jihatdan muallim, rahnamo va buyuk davlat arbobi sifatida nishonlanishi kerak. Chunki u zotning hayoti davrida Afgʻonistonda koʻplab inshootlar, obodonchiliklar, suv anvorlari, koʻpriklar, shifoxonalar va boshqa yana koʻplab ommaga xizmat qiluvchi binolar obod etildi. Shu bilan birga Afgʻonistondagi oʻzbek xalqi qadim zamonlaridan boshlab to hozirga qadar Navoiy asarlari bilan, ularni oʻqish bilan savod chiqaradi. Yaʼni barcha madrasalarimizda Hazrati Navoiyning qoʻlyozma asarlari yoki qadimiy toshbosmalardan chiqqan kitoblari darslik sifatida istifoda etilgan. Biz Navoiydan har jihatdan qarzdormiz.
 
Tadbirda taniqli aktyor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Temurmalik Yunusov Navoiy gʻazallaridan oʻqidi. Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi Oliy adabiyot kursi talabalari Alisher Navoiy haqida qardosh turk adabiyotshunoslari tomonidan bildirilgan fikrlarni yoddan aytib berdi.
 
Oʻzbekiston xalq artisti Sherali Joʻrayev tomonidan ijro etilgan Navoiy gʻazaliga Omon Matjon muxammas bogʻlagan qoʻshiqni tadbir ishtirokchilari katta hayajon, olqishlar bilan tingladilar.
 
Shoir haykali poyiga tadbir ishtirokchilari, xorijiy mehmonlar tomonidan anvoyi gullar qoʻyildi.
 
Tantanada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov ishtirok etdi.
 
* * *
 
Shu kuni poytaxtimizdagi Navoiy koʻchasidagi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Davlat adabiyot muzeyiga tutash hududdagi shoir haykali poyida ham ajoyib mushoira boʻlib oʻtdi.
 
— Oʻzbekistonda Navoiy Hazratlarining tavallud ayyomlari gʻoyat koʻtarinki ruhda nishonlanayotganining guvohi boʻlyapmiz,- dedi afgʻonistonlik shoir Gʻulomsaxiy Vakilzoda. — Afgʻonistonning Kobul, Mozori Sharif Hirot kabi shaharlarida ham ul zotning tavallud ayyomlari nishonlanadi. Orzu shulki, bunday ijodiy tadbirlar yana-da koʻproq oʻtkazilsa, ijodiy hamkorligimiz bardavom boʻlsa.
 
Mushoirada yoshlar Navoiy gʻazallaridan namunalar oʻqidilar.
 
Bu kabi tadbirlar mamlakatimizning barcha goʻshalarida, bilim dargohlarida, mahallalarda davom etmoqda.
 
OʻzA

conv
conv
phone