157 marta ko'rildi
Nashr etilgan 04/03/2021 - 14:27

O‘ZBEKISTON KAMBAG‘ALLIKNI QISQARTIRISH YO‘NALISHIDA AMALGA OSHIRILGAN ISHLAR

O‘zbekiston Respublikasida kambag‘allikni qisqartirish masalasi Sh.Mirziyoevning 2020 – yil 24 – yanvardagi Prezident Oliy Majlisga Murojaatnomasidan so‘ng ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning asosiy kun tartibiga ko‘tarildi. Ushbu muammo ochiq-oydin bayon etilib, xalqaro ilg‘or tajribalarga tayangan holda kambag‘allikni qisqartirishning ta’sirchan vositalarini amaliyotga joriy etish, uni hisoblashning mezon va usullari hamda uzoq muddatlarga mo‘ljallangan kambag‘allikni qisqartirish strategiyasini ishlab chiqish kabi qator vazifalar belgilab berildi.

Mamlakatda kambag‘allikni qisqartirishga yo‘naltirilgan vazifalar 3 ta ustuvor yo‘nalish doirasida amalga oshirilmoqda.

I.   Kambag‘allikni qisqartirishning institutsional asoslarini yaratish.

Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yagona davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tashkil etilib, hududlarda ushbu yo‘nalishning vertikal tizimi yaratildi.

Mazkur yo‘nalishda ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifati hamda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar manzilliligini oshirish maqsadida Jahon banki, BMT Taraqqiyot Dasturi va Osiyo taraqqiyot bankining 14 nafar ekspertlari jalb qilindi.

Aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash jarayoni shaffofliligi va manzilliligini ta’minlash maqsadida 17 ta vazirlik va idoralarning axborot bazalari integratsiyalashuvi orqali avtomatlashtirilgan “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi ishga tushirildi. “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ning                       bosqichma-bosqich funksional imkoniyatlarini kengaytirish orqali ehtiyojmand oilalarga 30 dan ortiq ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatilishi reajalashtirilmoqda.

Shuningdek, pandemiya sharoitida ehtiyojmand va og‘ir ahvolga tushib qolgan oilalar ro‘yxatini o‘zida qamrab olgan “temir daftar” tuzilib, ularga manzilli hamda o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida saxovat.argos.uz dasturi ishga tushirildi.

II. Kambag‘al oilalarning daromad manbaini yaratish.

Kambag‘allikni qisqartirishning amaliy mexanizmlari qamrov darajasini oshirish maqsadida kambag‘al oilalarning doimiy daromad manbaini yaratish borasida jahon amaliyotida keng qo‘llaniladigan 3 ta asosiy vositadan foydalanish ko‘lami oshirildi.

Birinchi vosita: kambag‘al aholining doimiy daromad manbaini yaratish uchun dastlabki kapitalni shakllantirish maqsadida aholi tomorqasini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik va boshqa sohalardagi kooperativlarga jalb qilinadigan shaxslarning a’zolik badali uchun hamda mehnat organlari yo‘llanmasi bilan ishga oladigan ish beruvchilarga subsidiyalar ajratilmoqda.

Bundan tashqari, Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan kambag‘al oilalar tomonidan olinadigan bank kreditlari foizi uchun kompensasiya va kafilliklar taqdim etilmoqda.

Ikkinchi vosita: inson kapitali sifatini oshirish maqsadida ishsiz hamda malakaga ega bo‘lmagan aholini turli kasb-hunarlarga o‘qitish uchun monomarkazlar, ustoz-shogird an’anasini tiklash va kengaytirishga qaratilgan rag‘batlantiruvchi subsidiyalar taqdim etilmoqda.

Aholining kambag‘al qatlamini “World skills” standartlari asosida o‘qitish ishlari tashkil etilib, mazkur jarayonda nodavlat tashkilotlar ishtiroki kengaytirilmoqda.

Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan aholini Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda uning hududiy filiallari tomonidan tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan o‘quv kurslari tashkil etilmoqda.

Uchinchi vosita: kambag‘al oilalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri moddiy va nomoddiy yordam ko‘rsatishda farzandlari uchun maktabgacha ta’lim tashkilotlari to‘lovidan ozod etish, maktabda tahsil olayotgan farzandlarining bepul mavsumiy kiyim-kechak bilan ta’minlanishi bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

Bundan tashqari, 2020 yilda – pandemiya sharoitida moddiy ko‘makka muhtoj oilalarning 1 mln. 195 ming nafariga bir martalik va Muqaddas Qurbon hayiti bayrami arafasida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali 182 mingdan ortiq oilalarga moddiy yordam ko‘rsatildi.

Shu bilan birgalikda, o‘tgan yilning 1 – sentyabridan boshlab pensiyalar, bolalikdan nogironligi bo‘lgan, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqalar miqdori 10 foizga oshirildi va ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar sonini dekabr oyiga kelib yil boshiga nisbatan           2 barobarga oshishi orqali 1,2 mln. oilaga yetkazildi.

III. Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha istiqboldagi rejalar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 – yil 29 – dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqib, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha quyidagi ustuvor vazifalar amalga oshirilishi belgilanmoqda:

1. Iqtisodiyotning barcha jabhalarida liberallashtirishga qaratilgan islohotlarni kambag‘al aholi turmush darajasiga salbiy ta'sirini cheklash maqsadida iqtisodiy o‘sish inklyuzivligini ta’minlash.

2. O‘zbekiston Respublikasida 2030 – yilga qadar kambag‘allikni qisqartirish strategiyasini ishlab chiqish.

3. 2021 – yilda hududlarda kambag‘allikni qisqartirish manzilli dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish.

4. Kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlashda “Ijtimoiy shartnoma” tizimini amaliyotga joriy etish.

5. Aholining minimal iste’mol xarajatlari tushunchasini amaliyotga joriy etish.

6. Pandemiyadan keyingi davrda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish. 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati

Manba:Mineconomy.uz


conv
conv
phone