280 marta ko'rildi
Nashr etilgan 18/12/2020 - 13:57

O'zbekiston Respublikasi Inson kamoloti indeksida 106-o'rinni egalladi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTD) tomonidan “Keyingi chegara – inson kamoloti va antropotsen” deb nomlangan 2020 yilgi Inson kamoloti hisobotining navbatdagi nashri taqdim etildi. Inson kamoloti to‘g‘risidagi ushbu hisobot BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan 1990 yildan boshlab nashr etib kelinayotgan bo’lib, O‘zbekistonning ko‘rsatkichlari 1993 yildan buyon qayd etib kelinmoqda.

Hisobotning Inson kamoloti indeksi inson taraqqiyoti yo‘lida 3 ta asosiy omillar - uzoq va sog‘lom hayot kechirish, bilim olish va munosib turmush darajasi bo‘yicha e’lon qilinadigan statistik ma'lumotlar to’plami hisoblanadi.

O'zbekiston Respublikasi joriy hisobotda dunyoning 189 mamlakati ichida indeks qiymati 0,720 (maksimal indeks qiymati 1,000) bilan 106-o’rinni egallab, 2019 yildagi hisobot natijalariga nisbatan +2 o’ringa va +0.01 indeks qiymatlari bilan yaxshilandi. Indeks hisoboti bo’yicha O'zbekiston Respublikasining natijalari quyidagicha:

aholining tug’ilganda kutilayotgan umr ko'rish davomiyligini belgilaydigan umr ko'rish davomiyligi indeksi 71,7yilni tashkil etadi (+0,1 yilo'sish);
ta'lim indeksining ta’limning o'rtacha davomiyligi 11,8 yil (+0,3yil ijobiy o'zgarish) va kutilayotgan ta’lim davomiyligi 12,1 yilni (+0,09 yil ijobiy o'zgarish) tashkil etgan;
xarid qobiliyati paritetibo'yicha aholi jon boshiga YaMD miqdori $7142 ni tashkil etib o’tgan yilga nisbatan $680 ga o’sgan. 

Ma’lumot uchun, Inson kamoloti indeksining 2020 yilgi hisobotida 2019 yil yakunlari tahlil qilinadi.

Qayd etish lozimki, COVID-19 inqirozidan so'ng, Inson kamoloti indeksining keyingi 2021 yilgi hisobotida aksariyat mamlakatlar natijalari keskin pasayish kuzatilmoqda. Pandemiyaga qarshi kurashish uchun qabul qilingan cheklovlarga qaramasdan, joriy yilning yanvar-sentabr oylarida mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning o'sishi 0,4 foizni tashkil etdi. Bu ko’ratkich ko'plab boshqa rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarga nisbatan ijobiy natija hisoblanib, yil yakuniga borib iqtisodiy o’sish 1,4 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Ta'kidlash joizki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 2 iyundagi PF-6003-sonli “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to‘g‘risida"gi Farmoniga muvofiq O'zbekiston Respublikasi uchun ustuvor xalqaro reyting va indekslar bo'yicha asosiy samaradorlik ko'rsatkichlari (KPI) belgilab olingan. Farmonga asosan, 2030 yilga borib mamlakat ushbu indeksda 0,82 ga yetishi kutilmoqda.

Izoh: Antropotsen - Insoniyat sayyoramizning kelajagini belgilaydigan hukmron kuch sifatida qaraladigan yangi geologik davr.

2 Izoh: Xarid qobiliyati pariteti (XQP) - ikki yoki undan ortiq pul birliklari va turli mamlakatlar valyutalarining ma'lum bir tovar va xizmatlar to'plamiga nisbatan o'rnatilgan xarid qobiliyatini o'lchaydigan uslub.

Batafsil ma’lumot uchun: http://hdr.undp.org/en/countries/profiles/UZB

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati

  Manba:mineconomy.uz

 


conv
conv
phone