258 marta ko'rildi
Nashr etilgan 29/07/2020 - 13:03

Savol - Javob

Pandemiya sharoitida jahonda sodir bo‘layotgan bunday vaziyat O‘zbekistonga ham o‘z ta’sirini o‘tkazib turibdi. Joriy yil birinchi choragida mamlakatimizdagi iqtisodiy o‘sish sur’ati o‘tgan yilning mos davrga nisbatan 1,6 foizga pasayishi kuzatilgan. Bundan tashqari, investitsiyalar o‘zlashtirish hajmi ham sezilarli qisqargan. Shunday sharoitda O‘zbekiston iqtisodiyotini kamroq yo‘qotishlarga uchrashi uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak, deb hisoblaysiz?
 
 
Umrzakov Ilxomjon,
Makroiqtisodiy siyosat, tahlil va prognozlashtirish departamenti direktori
 
Haqiqatdan ham koronavirus pandemiyasining butun dunyoga tarqalishi, xususan O‘zbekistonga ham kirib kelishi va Hukumat tomonidan unga qarshi kurashish uchun kiritilgan karantin cheklovlari mamlakatdagi iqtisodiy faollikni qisqartirishga olib keldi. Ta’kidlab o‘tganingizdek, joriy yilning birinchi choragida iqtisodiy o‘sish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sekinlashishi ham tashqi iqtisodiy faoliyatimizdagi sekinlashish hamda mart oyidan boshlab ko‘rilgan karantin choralari sababi o‘laroq baholanishi mumkin.

Ushbu koronavirus oqibatidagi inqiroz avvalgi inqirozlardan farqli o‘laroq talab va taklifning birgalikda qisqarishi bilan sodir bo‘ldi. Bunda, davlatimiz rahbariyati tomonidan birinchi o‘rinda iqtisodiy ko‘rsatkichlar emas balki odamlar sog‘ligi turishi bir necha bor ta’kidlandi va kasallikni keng tarqalib ketishini oldini olish maqsadida iqtisodiy faoliyat sekinlashishiga qaramasdan karantin choralari qo‘llandi.

Albatta, ushbu sharoitda ham iqtisodiyotni rag‘batlantirish, moliyaviy ko‘makka muxtoj aholi qatlami va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab quvvatlash maqsadida ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Savolingizga keladigan bo‘lsak, o‘zi inqiroz vaqtida davlat qanday xarakat qilish kerak va qanday choralarni ko‘rish kamroq yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin?

Xalqaro tajribaga murojaat qiladigan bo‘lsak, inqiroz paytida tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab quvvatlash va aholining muxtoj hamda ish o‘rinlarini yo‘qotgan qatlamiga moliyaviy ko‘maklar berish hamda iqtisodiyotni rag‘batlantirish uchun fiskal va monetar choralar birgalikda qo‘llanilganini ko‘rishimiz mumkin. Respublikamizda ham ushbu inqiroz davrida manzilli fiskal va monetar choralar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab quvvatlash bilan birgalikda amalga oshirildi.

Xususan, quyidagi fiskal choralar amalga oshirildi:

Birinchidan, sanitariya-gigiyena tadbirlarini o‘tkazish, infeksiyani yuqtirgan odamlarni davolash, iqtisodiyotning a’loxida eng ko‘p zarar ko‘rgan tarmoqlarini saqlash, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni oshirish hisobiga yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida 10 trillion so‘m miqdoridagi Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasini tashkil etildi.

Ikkinchidan, korxonalarning bankrot bo‘lishini oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilish, muhtoj xo‘jalik sub’ektlariga, birinchi navbatda, zarar ko‘rgan tarmoqlarga subsidiyalar, kreditlar yoki prolongatsiyalar shaklidagi qo‘shimcha moliyaviy resurslar ajratildi.

Uchinchidan, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘laridan aholini, ayniqsa kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek ishsizlarni jamoat ishlariga jalb etish uchun mablag‘lar ajratildi hamda ijtimoiy nafaqalar oluvchi oilalar soni oshirildi.

To‘rtinchidan, iqtisodiyot tarmoqlari barqarorligi uchun muhim bo‘lgan sektorlar maqsadli qo‘llab-quvvatlandi (energetika, kimyo, to‘qimachilik, elektrotexnika, qurilish, bank ishi, turizm, sog‘liqni saqlash). Xususan, turizm bilan shug‘ullanuvchi 3,1 mingdan ortiq yakka tartibdagi tadbirkor uchun jismoniy shaxslar daromadlariga solinadigan daromad solig‘ini hisoblash to‘xtatildi. Joriy yilning oxiriga qadar 3,7 mingdan ortiq sayyohlik, mehmonxona xizmati va aviatsiya sohasi subektlari yer solig‘i va mulk solig‘idan ozod qilindi, shuningdek, ular uchun ijtimoiy soliq xajmi 12%dan 1%ga pasaytirildi.

Beshinchidan, sog‘liqni saqlash muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash, irrigatsiya va meliorativ ob’ektlar, ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlari uchun qo‘shimcha 2424 infratuzilma loyihalari ro‘yxati shakllantirildi va mazkur loyihalar uchun Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan kerakli mablag‘lar ajratildi.

Oltinchidan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini karantin choralaridan holi hudud sifatida saqlash, barcha qishloq xo‘jalik tadbirlarini o‘z vaqtida moliyalashtirish va amalga oshirish choralari ko‘rildi.

Yettinchidan, mamlakatga qaytgan mehnat muhojirlari orasida pandemiya tufayli aholining ishsiz qolgan qismi muammolariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, jamoat ishlari fondidan 165,7 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘lar ajratildi, shu jumladan jamoat ishlariga 231,9 ming kishi jalb qilindi.

Quyidagi monetar choralar amalga oshirildi:

Moliyaviy barkarorlikni ta’minlash bo‘yicha banklarni kerakli likvidlik bilan ta’minlash, monetar instrumentlarni qo‘llash orqali tadbirkorlik sub’ektlarni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rildi.

Xususan, Markaziy bankning bazaviy stavkasini 16% dan 15% ga pasayishi va banklarning likvidligini ta’minlash bo‘yicha REPO operatsiyalari amalga oshirish bilan tavsiflandi. Bundan tashqari, Markaziy bankdagi (MZJ) rezerv majburiyatlarining yengillashtirilishi tijorat banklariga iqtisodiyotga qo‘shimcha moliyaviy mablag‘ yo‘naltirish imkonini berdi.

Joriy yilning yanvar-iyun oylarida ajratilgan kreditlar hajmi 58,6 trln. so‘mni tashkil qildi (o‘tgan yilning mos davrida 65,4 trln. so‘m). Banklar tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga kredit to‘lovlari bo‘yicha 24,5 trln. so‘m ga kechiktirish berildi.

Ushbu choralar natijasida Davlat statistika qo‘mitasining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra 2020 yilning I yarim yilligida nominal YaIM hajmi 255,3 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan real hisobda 0,2 foiz o‘sdi. Solishtirish uchun, birinchi yarim yillikda dunyoning ko‘plab davlatlarida iqtisodiy qisqarish 10-20 foizni tashkil qilishi kutilmoqda.

Bunda qurilish ishlari – 7,3 foizga, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi – 2,8 foizga, xizmatlar – 2,6 foizga, iste’mol tovarlari – 1,2 foizga va chakana savdo aylanmasi – 0,7 foizga oshgan bo‘lsa, eksport hajmi – 22,6 foizga, import – 18,2 foizga, investitsiyalar – 12,8 foizga va sanoat mahsulotlari – 1,9 foizga pasaydi.

Afsuski, iyul oyidan boshlab kasallik sonining keskin ortishi

10 iyuldan 1 avgustgacha bo‘lgan muddatda Hukumat komissiyasi qarori tomonidan kaytadan kuchaytirilgan karantin choralarini ko‘rishga majbur bo‘ldi. Bu esa o‘z navbatida iqtisodiy faollikni qisqarishiga olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari aholini ish bilan ta’minlash, ish o‘rinlarini yaratish, bandlikka ko‘maklashish maqsadida o‘qitish, eng jabr ko‘rgan tarmoq, xizmatlar (jumladan turizm) sohasini qo‘llab quvvatlash bo‘yicha ishlab chiqilgan keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshirish karantin sababli yana kechikishi mumkin.

Shu sababdan, yana savolingizga qaytadigan bo‘lsak, mening fikrimcha, O‘zbekistonda kamroq iqtisodiy yo‘qotishlarga erishish uchun bugungi kunda asosiy e’tibor muammoning o‘zagiga, ya’ni tibbiyot tizimini mustahkamlashga qaratilishi lozim.

Bunda, asosiy e’tibor karantin choralarini tezroq yumshatish va boshqa kuchaytirilgan karantin choralariga qaytmaslik iqtisodiyotni rag‘batlantirishga asosiy omil bo‘lishiga qaratilishi kerak.

Buni odamlar tezroq anglab yetib, karantin choralariga qat’iy amal qilsa va natijada epidemiologik vaziyat yaxshilansa karantin choralarini yumshatishga sabab bo‘ladi va iqtisodiyotimizdagi yo‘qotishlarni qisqartirishimiz mumkin bo‘ladi.


#Savol-Javob

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati

conv
conv
phone