119 marta ko'rildi
Nashr etilgan 25/08/2022 - 16:08

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 22 avgust kuni o‘tkazilgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini yaratish, ushbu huquqlarni cheklayotgan omillarni bartaraf etish bo‘yicha vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, shuningdek, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq:

1. Xususiy mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqini bevosita yoki bilvosita cheklashni nazarda tutuvchi, mulkiy munosabatlarda bozor iqtisodiyoti tamoyillarini to‘liq joriy etishga to‘sqinlik qiluvchi quyidagi tartiblar, talablar va cheklovlar 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab bekor qilinsin:

a) yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlardan foydalanish sohasida:

yer uchastkalariga bo‘lgan huquqning vujudga kelishi uchun asos bo‘lgan hujjatlarni, shu jumladan, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hujjatlarini ularning o‘zi yoki yuqori turuvchi organ va mansabdor shaxslar tomonidan, xususan prokuror protesti asosida bekor qilish yo‘li bilan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tugatish, bundan ushbu hujjatlarni sud tomonidan bekor qilish yoki haqiqiy emas deb topish holatlari mustasno;

yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda unga bo‘lgan huquqning bekor qilinishini Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan rasmiylashtirish. Bunda, yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechish to‘g‘risida notarial tasdiqlangan ariza ushbu yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni bekor qilish uchun asos bo‘lib hisoblanadi;

yuridik shaxs tugatilishi munosabati bilan uning yer uchastkasiga (qishloq xo‘jaligi yerlaridan tashqari) bo‘lgan huquqlarini bekor qilish. Bunda, ushbu huquqlar yuridik shaxs muassislariga (ishtirokchilarga), agar qonunchilikda, ta’sis hujjatlarida yoki muassislar o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq boshqacha shartlar nazarda tutilmagan bo‘lsa, ularning yuridik shaxsdagi ulushiga (qo‘shilgan hissasiga) mutanosib ravishda o‘tkaziladi;

yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishda kompensatsiya sifatida davlat mulkidagi boshqa ko‘chmas mulk ob’ektini mulk qilib berish, bundan ko‘p kvartirali uylarda joylashgan turar joy ob’ektlari mustasno;

b) turar joyga bo‘lgan mulkiy huquqlarni amalga oshirish sohasida:

turar joyga nisbatan mulkiy huquqlarga yoki turar joy mulkdori bilan qarindoshlik aloqalariga ega bo‘lmagan shaxslarni ushbu turar joydan doimiy ro‘yxatdan chiqarish uchun ularning roziligini olish, bundan taraflar o‘rtasida boshqacha kelishuv tuzilgan holatlar mustasno;

sud tomonidan turar joyga nisbatan insofli egallovchi deb topilgan jismoniy shaxsdan ushbu turar joyni unga nisbatan mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab uch yil o‘tgach natura shaklida talab qilib olish;

v) jismoniy va yuridik shaxslarga mulk huquqi bilan tegishli bo‘lgan bino va inshootlar, transport vositalaridan foydalanish sohasida – mulkiy huquqlarning vujudga kelishi uchun asos bo‘lgan ma’muriy hujjatlarni ushbu hujjatni qabul qilgan yoki yuqori turuvchi ma’muriy organ va mansabdor shaxslar tomonidan, xususan prokuror protesti asosida bekor qilish yo‘li bilan huquqlarni tugatish, bundan ushbu hujjatlarni sud tomonidan bekor qilish yoki haqiqiy emas deb topish holatlari mustasno;

g) korporativ munosabatlar sohasida:

davlat organlari tomonidan davlat ishtirokidagi korxonalar mol-mulkini tasarruf etish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar yoki boshqa ko‘rinishdagi ma’muriy hujjatlar qabul qilish amaliyoti. Bunda, xo‘jalik jamiyatining ustav fondidagi (kapitalidagi) davlat ulushiga (aksiyalariga) egalik qiluvchi davlat organlari ulushdor (aksiyador) sifatida qarorlar qabul qilishni (ovoz berishni) yuqori turuvchi davlat organi bilan yozma tarzda kelishib olishi mumkin;

yuridik shaxslarning ustav fondidagi (kapitalidagi) garovga qo‘yilgan ulushlarni (qo‘shilgan hissalarni) garovga oluvchining roziligisiz tasarruf etish amaliyoti. Bunda, mazkur rozilik olinmaganligi ta’sis hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirishlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish uchun asos bo‘lib hisoblanadi, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.

2. 2023 yil 1 yanvardan boshlab Kadastr va ko‘chmas mulklarni ro‘yxatdan o‘tkazish integratsion axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda – UZKAD tizimi) ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestri hamda ko‘chmas mulk ob’ektlari haqidagi ma’lumotlar yuritiladigan, ma’lumotlarining haqiqiyligi va ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanadigan yagona axborot tizimi etib belgilansin.

Bunda:

UZKAD tizimiga Garov reyestri, “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi, Ko‘chmas mulk ob’ektlari manzillari yagona reyestri, Tadbirkorlik sub’ektlari yagona davlat reyestri, O‘zbekiston Respublikasi soliq to‘lovchilarining yagona reyestri, “Davlat mulki” axborot tizimi, Nodavlat notijorat tashkilotlar va ularning bo‘linmalari reyestri, litsenziyalar, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va xabarnomalar reyestrlari va ko‘chmas mulk ob’ektlariga oid ma’lumotlar yuritilayotgan boshqa barcha davlat axborot tizimlari integratsiya qilinadi hamda real vaqt rejimida onlayn ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi;

onlayn ma’lumot almashinuvi paytida ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquq qog‘oz shaklida yoki boshqa axborot tizimida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi, shu sababli UZKAD tizimida bo‘lmaganligi aniqlangan taqdirda, uch kun ichida ushbu huquq UZKAD tizimida haq undirmasdan va ariza talab qilmasdan davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi va ma’lumot taqdim etiladi;

ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarni rasmiylashtirish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish UZKAD tizimidagi ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi, ko‘chmas mulk haqida ushbu tizimda bo‘lmagan boshqa ma’lumotlarni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, ma’lumotlarning haqqoniyligi davlat tomonidan kafolatlanadi, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno;

jismoniy va yuridik shaxslarga soliqlarni hisoblash, notarial harakatlarni rasmiylashtirish, davlat xizmatlari, bank, kommunal, sug‘urta va boshqa ommaviy xizmatlarni ko‘rsatishda ko‘chmas mulkka oid barcha ma’lumotlar tegishli davlat organlari hamda xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar tomonidan UZKAD tizimidan olinadi;

Ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestriga kiritilgan yozuvlar va ko‘chmas mulk ob’ektlari bo‘yicha “mulk tarixi”ga oid ma’lumotlar jismoniy va yuridik shaxslar uchun ochiq bo‘ladi va ulardan haq evaziga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali foydalaniladi, davlat siriga oid hamda “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilgan ma’lumotlar bundan mustasno.

Kadastr agentligi qog‘oz shaklida yoki boshqa axborot tizimlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar haqidagi ma’lumotlarni har bir ko‘chmas mulk ob’ektini bosqichma-bosqich identifikatsiyalagan holda UZKAD tizimiga to‘liq o‘tkazsin.

3. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan zararlarning o‘rnini jismoniy va yuridik shaxslarga qoplash bo‘yicha respublika markazlashtirilgan jamg‘armasi – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish bo‘yicha respublika maqsadli jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – respublika kompensatsiya jamg‘armasi) etib;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi Yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan zararlarning o‘rnini jismoniy va yuridik shaxslarga qoplash bo‘yicha hududiy markazlashtirilgan jamg‘armalar – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish bo‘yicha hududiy maqsadli jamg‘armalar (keyingi o‘rinlarda – hududiy kompensatsiya jamg‘armalari) etib qayta nomlansin.

4. Mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda, 2023 yil 1 yanvardan boshlab quyidagilar natijasida yetkazilgan zararlar respublika va hududiy kompensatsiya jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi belgilansin:

ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestriga noqonuniy yoki haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarning kiritilishi natijasida ularga ishonib harakat qilgan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zarar;

davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari va xizmatchilarining qonunga xilof deb topilgan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) natijasida mulkdorga yetkazilgan va sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aniqlangan zarar;

tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning qonunga xilof deb topilgan harakatlari (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan zarar va ma’naviy ziyon;

mazkur Farmonning 1-bandi “b” kichik bandida nazarda tutilgan hollarda turar joy insofli egallovchidan talab qilib olinmasligi natijasida mulkdorga yetkazilgan zarar.

5. Belgilab qo‘yilsinki:

ushbu Farmonning 4-bandiga asosan respublika va hududiy kompensatsiya jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan to‘lovlar keyinchalik aybdor shaxslardan to‘liq miqdorda regress tartibida undirib olinadi, bundan mazkur bandning uchinchi va to‘rtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollar mustasno;

qonunchilikda ushbu Farmonning 4-bandida nazarda tutilgan zararlarni qoplashning boshqa manbalari belgilangan hollarda, kompensatsiya to‘lovlari respublika va hududiy kompensatsiya jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilib, keyinchalik ushbu manbalar hisobidan qoplab beriladi;

sudning qarori bilan zararni qoplash zarar yetkazilishida aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslar zimmasiga yuklanmagan va (yoki) regress tartibida undirib olish shartisiz davlat tomonidan qoplab berilishi ko‘rsatilgan hollarda, respublika va hududiy kompensatsiya jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan to‘lovlar Davlat byudjetidan qoplab beriladi.

6. Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy sud, Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Savdo-sanoat palatasining mulk huquqi daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvni cheklash maqsadida quyidagi huquqiy institutlarni qonunchilikda va yuridik amaliyotda qo‘llash ko‘lamini yanada kengaytirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin:

a) fuqarolik huquqlarini himoya qilish usullarini, bunda:

insofli egallovchining mulkiy huquqlari himoya qilinadi, mulkdorning buzilgan huquqlarini tiklashning moliyaviy mexanizmlari qo‘llaniladi;

kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yilgan mol-mulk belgilangan tartibda auksion orqali sotilganda, kreditorning roziligiga ko‘ra, sotib oluvchiga mulkning qiymatini uch yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi;

b) ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladigan xususiy mulk huquqini buzish holatlari ro‘yxatini, bunda, mansabdor shaxslar va xizmatchilarning qonunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan holatlardan tashqari quyidagi harakatlari xususiy mulk huquqini erkin amalga oshirishga aralashish va daxlsizligini buzish deb hisoblanadi hamda ularga nisbatan jinoiy javobgarlikka tortishgacha bo‘lgan choralar qo‘llanilishiga asos bo‘ladi:

mulkka erkin egalik qilish, undan foydalanish va tasarruf etishni cheklash, taqiq qo‘yish, mulkiy huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni asossiz rad etish yoki boshqacha har qanday ko‘rinishda mulkdor yoki uning mulkiy huquqlariga ta’sir o‘tkazish;

mulkdorning xo‘jalik faoliyatiga yoki mol-mulkdan foydalanish natijasida olinadigan hosil va mahsulotni realizatsiya qilish hamda daromadlarni tasarruf etishga aralashish;

xususiy mulk ob’ekti va u joylashgan hududga, shu jumladan, turar joy bo‘lmagan ko‘chmas mulk ob’ektiga mulkdorning ruxsatisiz kirish, bu haqda uchinchi shaxslarga ko‘rsatma berish;

mol-mulkni va unga bo‘lgan huquqni boshqa shaxsga o‘tkazish, foydalanishga berish yoki boshqacha tarzda tasarruf etishga aralashish, bu to‘g‘risida huquqiy hujjat qabul qilish;

mulkdorga uning ixtiyoriga zid tarzda mol-mulki bilan bog‘liq ijtimoiy, iqtisodiy yoki boshqa davlat va jamoatchilik vazifalarini yuklash yoxud nomaqbul shartlarni qo‘yish;

mol-mulkdan mulkdorning roziligisiz va tegishli haq to‘lamasdan foydalanish;

mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanishga oid ma’lumotlarni so‘rash yoki bunday ma’lumotlarni mulkdorning ruxsatisiz ishlatish;

mulk va mulkiy huquqlardan sud qarorisiz mahrum etish yoki mulkdorga ulardan voz kechishga qaratilgan har qanday jismoniy, ruhiy yoki boshqa shakldagi majburlov choralar qo‘llash, tazyiq o‘tkazish yoxud mol-mulkni tasarruf etishga doir asossiz talablarni qo‘yish;

v) qilmishning jinoiyligini istisno qiladigan holatlarni, shu jumladan, uning zaruriy mudofaa turini, bunda:

mulkdor yoki uning vakili o‘z mulkini har qanday tajovuzdan huquqni buzishga mutanosib ravishda va huquq buzilishining oldini olish uchun zarur harakatlar doirasida, shu jumladan, zaruriy mudofaa holatida o‘zi himoya qilish huquqiga ega bo‘ladi;

ko‘char mulk o‘zboshimchalik bilan olib qo‘yilganda mulkdor ta’qib qilish orqali uni qaytarib olishi, ko‘chmas mulkka nisbatan esa unga o‘zboshimchalik bilan kirgan yoki egallab olgan shaxsni chiqarib yuborish orqali egaligini tiklashi mumkin bo‘ladi;

mulkni o‘zboshimchalik bilan egallash yoki unga kirish yoxud mulk daxlsizligini boshqacha tarzda buzish qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi;

g) gumon qilinuvchi, ayblanuvchining mulkiy huquqlariga nisbatan “Xabeas korpus” institutini, bunda, curishtiruvchi va tergovchining mol-mulkni xatlash bilan bog‘liq qarorlarini ko‘rib chiqish uchun sudga kiritish nazarda tutiladi;

d) davlat organlari, jismoniy va yuridik shaxslarning sudga murojaat qilish huquqlarini davlat boji orqali tartibga solish tizimini, bunda:

davlat organlari va tashkilotlari sudlarda davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan holatlarni qisqartirib, ularning jismoniy va yuridik shaxslarning mulkiy huquqlarini cheklash, mahrum qilish yoki boshqa har qanday ko‘rinishda ta’sir qilishga qaratilgan da’volari, arizalari va shikoyatlari uchun umumiy asoslarda davlat boji to‘lanishi, davlat bojini to‘lash bo‘yicha mablag‘lar byudjet tashkilotlarining xarajatlar smetalariga kiritilishi, ushbu mablag‘lardan oqilona va asosli foydalanilayotganligini nazorat qilish nazarda tutiladi;

fuqarolik sudlarida mol-mulkni o‘zganing noqonuniy egaligidan talab qilib olish to‘g‘risidagi da’volar yuzasidan da’vogarlar (davlat organlari va tashkilotlari bundan mustasno) davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi, bunda da’vogarning da’vo talablarini qanoatlantirish to‘liq yoki qisman rad etilgan taqdirda, undan talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda davlat boji undirish nazarda tutiladi;

iqtisodiy sudlarda mol-mulkka bo‘lgan mulk huquqi to‘g‘risidagi da’volar yuzasidan regressiv (da’vo qiymati oshishiga qarab davlat boji stavkasi proporsional ravishda tushib boradi) davlat boji stavkalarini qo‘llash joriy etiladi.

7. Adliya vazirligi Bosh prokuratura, Oliy sud, Ichki ishlar vazirligi, Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil hamda Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga quyidagi qonun loyihalarini kiritsin:

Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahrirdagi loyihasini, loyihada ushbu qonun qabul qilinishi munosabati bilan Fuqarolik, Soliq, Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar va boshqa qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutsin;

tadbirkorlik sub’ektlarining bankdagi hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini asossiz hisobdan chiqarganlik, ortiqcha undirilgan va to‘langan pul mablag‘larini tadbirkorlik sub’ektining birinchi talabiga binoan qaytarmaganlik uchun javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini.

8. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Adliya vazirligi va Moliya vazirligi uch oy muddatda davlat mulki ob’ektlarini respublika mulki va munitsipal mulk ob’ektlariga ajratish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari to‘plamini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, bunda quyidagilar nazarda tutilsin:

respublika mulki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar munitsipal mulki, tuman (shahar) munitsipal mulki ob’ektlarining namunaviy ro‘yxati;

respublika mulki ob’ektlarini boshqarishda Vazirlar Mahkamasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, boshqa davlat organlari va davlat mulkidan foydalanuvchilarning vazifalarini aniq chegaralash;

respublika mulki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar munitsipal mulki, tuman (shahar) munitsipal mulki ob’ektlarini boshqarish bo‘yicha vakolatli tuzilmalarni, ularning vazifalarini belgilash;

2025 yilga qadar bosqichma-bosqich respublika mulki ob’ektlarini respublika byudjetidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) munitsipal mulki ob’ektlarini tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjeti va tegishli mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan saqlash tizimiga o‘tish.

9. Vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa davlat tashkilotlari 2022 yil yakuniga qadar o‘zlari hamda tizim tashkilotlari boshqaruvidagi davlat ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarning kadastr organlarida qonunchilikda belgilangan tartibda to‘liq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin.

Belgilansinki, 2023 yil 1 yanvardan boshlab tegishli huquqlari kadastr organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan rasmiylashtiriladigan dalolatnoma asosida uning tegishli hududiy boshqarmasiga operativ boshqaruv huquqi asosida beg‘araz o‘tkaziladi.

10. Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

11. Adliya vazirligiga Xalqaro mulk huquqlari indeksida (IPRI) O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini tizimli tahlil qilib borish va uni yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi yuklatilsin.

12. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilikka mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov va adliya vaziri R.K.Davletov belgilansin.

Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2023 yil 1 yanvarga qadar, keyinchalik har yarim yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

        Prezidenti                                                                                                         Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2022 yil 24 avgust

manba: uza.uz


conv
conv
phone