1615 marta ko'rildi
Nashr etilgan 20/02/2019 - 18:33

1 iyulga qadar imtiyozlar bekor qilinadi». Davlat soliq qo‘mitasi rahbariyati bilan intervyu

Yangi soliq tizimi iqtisodiyot barqaror o‘sishi tamoyili bilan amaliyotga kiritilmoqda. Iqtisodiy o‘sish sur'ati barqaror bo‘lmasa, bu soliq bazasining pasayishiga olib keladi, iqtisodiyot esa beqaror bo‘lib, narxlar oshadi, deb hisoblaydi Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev.  

Mirzayev Kun.uz'ga bergan katta intervyusida qo‘shilgan qiymat solig‘i tizimidan kutilayotgan natijalar, yangi tahrirdagi soliq kodeksi va boshqa bir qator o‘zgarishlar haqida gapirib o‘tdi. 

– Soliq tizimidagi o‘zgarishlar davrida ishlayotgan vakil sifatida, soliq sohasidagi islohotlar qaysi mezon asosida olib borilyapti, deya olasiz? Bu ijtimoiy adolatni tiklashmi yoki yengilliklar yaratish ma'nosidami? 

– Soliq konsepsiyasi muhokamasi natijasida 2019 yil 1 yanvardan juda ko‘p o‘zgarishlar kuchga kirdi. Bu sohada ishlaydigan vakillar sifatida bir qator ishlarni oldimizga qo‘yganmiz.

Avvalo, Soliq konsepsiyasini amaliyotga joriy qilish, iqtisodiyotni barqaror tushumlar bilan ta'minlash, 2019 yil uchun tasdiqlangan budjet parametrlarini bajarish asosiy maqsadimiz hisoblanadi. Yanvardan to hozirgacha umumbelgilangan soliq tizimiga o‘tish yaxshi natija bermoqda. Xodimlarimiz hududlarga borib, fuqarolarga soliq konsepsiyasini tushuntirish ishlarini olib bormoqdalar. 

Natijada soliq tushumlari o‘tgan yil yanvar oyidagidan 76 foizga oshdi. Fevral oyida esa 17,5 trillion so‘m tushum kelib tushishi rejalashtirilyapti. Yanvarda 29 ming korxona va tashkilotlarni qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblash tizimiga o‘tkazdik. Asosiy vazifamiz – bu yog‘iga ulardan soliq tushumlarini olishni tizimli yo‘lga qo‘yish.

– Yangi soliq tizimiga o‘tilayotganda salbiy jihatlar ham kuzatildimi?

– Savdodagi cheklarda qo‘shilgan qiymat solig‘i miqdorini aks ettirish bilan bog‘liq muammoga duch keldik. 10 fevralga qadar texnik kassa nazorati uchun kerakli dasturlarni kassalarga o‘rnatdik. Yilning yarmigacha yangi onlayn kassa tizimini joriy qilmoqchimiz.

– Yangi tahrirdagi Soliq kodeksini tayyorlash ishlari qanday kechmoqda?

– Soliq kodeksini ishlab chiqishda Moliya vazirligi mutaxassislari va xalqaro ekspertlar jalb qilingan. 1 aprelgacha yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasini taqdim etamiz. 

Buni oldingi kodeksdan farqi – uni o‘qiydigan har qanday kishiga tushunarli bo‘lishi va har bir ma'lumotni aniq raqamlarda keltirish. Qolaversa, uni ishlab chiqishda faqat soliq organi vakillarigina emas, balki xalqdan, tadbirkorlardan fikr olib muhokama qilinadi. Soliq konsepsiyasi qanday muhokamadan o‘tgan bo‘lsa, kodeks loyihasi ham shu tartibda o‘tadi. Negaki, tushunmovchilik bo‘lsa, yana qonunosti hujjatlar chiqadi, tushuntirish berish kerak va bizning ishimiz qiyinlashadi. 

– Yangi tahrirdagi kodeksdan so‘ng Prezident qarori, farmonlari, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari bilan belgilangan imtiyozlar, preferensiyalar taqdiri nima bo‘ladi?

– Soliq imtiyozlarini, maksimal darajada, soliq inventarizatsiyasidan o‘tkazyapmiz. Biz raqobat muhitini buzadigan barcha soliq imtiyozlarini bekor qilish bo‘yicha takliflarni tayyorlayapmiz. 2019 yil 1 iyuldan boshlab, raqobat muhitini buzadigan barcha imtiyozlar bekor qilinishi nazarda tutilmoqda. Agar imtiyoz qoldirilsa, u asoslantiriladi va kodeksda o‘z aksini topadi.

Faqat jahon tajribasidan o‘tgan, ijtimoiy holati sabab imtiyozga loyiq, ishlab chiqarishni rivojlantiradigan va raqobat muhitini buzmaydigan imtiyozlargina qoldiriladi. Soliq konsepsiyasi iqtisodiyotni barqaror o‘sishiga xizmat qilishi kerak. Aks holda, iqtisodiyotda beqarorlik va narxlar ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi.

Siz so‘radingiz: yangi tizim adolatlimi yo iqtisodiy o‘sish uchun mo‘ljallanganmi? Bitta narsani aytaman: maqsad bitta – iqtisodiyot barqaror o‘sishi kerak. Iqtisodiy o‘sish sur'ati barqaror bo‘lmasa, bu soliq bazasining pasayishiga olib keladi, iqtisodiyot esa beqaror bo‘lib, narxlar oshadi. 

– Agar biz shartli va kerakli imtiyozlarni saqlab qolsak, bularning barchasi kodeksda aks etadimi?

– Biz iloji boricha kodeksda aks ettirishga harakat qilamiz. Ikki xil imtiyozlar bor: bojxona va soliq imtiyozlari. 

Biz ikkalasida ham imtiyozlarni bayon qilib, yagona va to‘liq hujjatni tayyorlashga harakat qilamiz.

– Umumbelgilangan qo‘shilgan qiymat solig‘i va soddalashtirilgan qo‘shilgan qiymat solig‘ini aholiga taqdim etdik. Bu qanchalik samara berdi? Soddalashtirilgan QQS tizimi bizga kerakmi?

– Boshida ko‘pchilik soddalashtirilgan qo‘shilgan qiymat solig‘ini hamma to‘laydi, deb o‘ylagandi. Biroq statistika shuni ko‘rsatyaptiki, 70 foizdan ko‘proq umumbelgilangan soliq to‘lovchilari standart 20 foizli QQS to‘lashga o‘tdi. Bu tadbirkorlarga standart umumbelgilangan soliqni to‘lash manfaatli ekanini anglatadi.

Aslida ikki soliq turining bir-biridan farqi – umumbelgilangan qo‘shilgan qiymat solig‘i kamroq, ammo hujjatlari ko‘proq, soddalashtirilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i esa miqdori ko‘proq, biroq kam ovoragarchilikni talab qiladi. Buxgalter bo‘lmasligi mumkin, hisoblash murakkab bo‘lib, qonunni buzib qo‘yishi mumkin. Nima bo‘lganda ham biz 2 yil o‘tish davrida tadbirkorlarga imkoniyat berishimiz kerak.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashd

kun.uz

 
 

conv
conv
phone