60 marta ko'rildi
Nashr etilgan 11/11/2021 - 13:44

Kambag‘allikni qisqartirish

2020-yilning boshida O‘zbekiston tarixida ilk marotaba kambag‘allik tushunchasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ko‘tarilib, mazkur yo‘nalish ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning asosiy kun tartibiga aylandi.

O‘tgan yili Prezidentimiz tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida qashshoqlikni tugatish va kambag‘allikka qarshi kurashishni Assambleya navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bag‘ishlangan global sammitni o‘tkazish taklifi bilan chiqdi.

2020-2021-yillarda respublikada kambag‘allikni qisqartirish vositalarining quyidagi asosiy strategik yo‘nalishlari amaliyotga joriy etildi.

Birinchidan, mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirishning institutsional asoslari yaratilib, kambag‘allikni qisqartirish masalalarini muvofiqlashtiruvchi vazirlik hamda ushbu yo‘nalishda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boruvchi ilmiy markaz tashkil etildi.

O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda bevosita kambag‘allikni qisqartirish borasida xalqaro tashkilotlar (BMT Taraqqiyot dasturi, Shanxay Hamkorlik tashkiloti, YUNISЕF va boshq.), moliyaviy institutlar (Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki) hamda ushbu yo‘nalishda ilg‘or tajribaga ega mamlakatlar ilmiy markazlari (Xitoy kambag‘allikni qisqartirish xalqaro Markazi) bilan mustahkam aloqalar o‘rnatildi.

Ikkinchidan, pandemiya sharoitida ehtiyojmand aholini moddiy va nomoddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida joylardagi 4 ta sektor, mahalla organlari, keng jamoatchilik vakillari hamda deputatlar bilan birgalikda kambag‘al va moddiy yordamga muhtoj oilalar ro‘yxati - “Temir daftar” tizimi tashkil etildi.

Mazkur tizimning shaffofligini ta’minlash, ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘irlashgan va sektor rahbarlari tomonidan alohida nazoratga olingan oilalarni qayd etishga mo‘ljallangan saxovat.argos.uz dasturi ishga tushirilib, oilalarning mehnatga layoqatli ishsizlari bandligini ta’minlash orqali ularga daromad manbai yaratishning “Vaqtinchalik tartibi” tasdiqlandi.

Joriy yilda “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha “motivatsiya, ko‘nikma va moliyaviy ko‘mak” tamoyili joriy etildi.

Amalga oshirilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-apreldagi “Moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarni, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 250-sonli qarori qabul qilindi.

Uchinchidan, Jahon banki va BMT Taraqqiyot dasturi kabi xalqaro tashkilotlarning taklif va tavsiyalari asosida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi “Minimal iste’mol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibini amaliyotga joriy etish to‘g‘risida”gi 544-son qarori qabul qilindi.

To‘rtinchidan, o‘rta va uzoq muddatlarda kambag‘allikni qisqartirishning strategik maqsadlarini belgilash maqsadida, Jahon banki va BMT Taraqqiyot Dasturi ekspertlari bilan birga “2021-2030-yillarga qadar O‘zbekiston Respublikasida kambag‘allikni qisqartirish strategiyasi” loyihasi ishlab chiqildi.

Mahallabay ishlash tizimi asosida 2021-yil 1-oktabr holatiga hududlarda quyidagi ishlar amalga oshirildi:

Hisobot davrida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining 658 ming nafari (233,4 ming yoshlar va 213,4 ming xotin-qizlar) yoki 76,5 foizi bandligi ta’minlangan.

Kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qish istagini bildirgan jami 197,3 ming nafar aholidan 170,2 ming nafari (86,3 foizi) turli xil kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilgan.

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va kengaytirish istagi mavjud 346,9 ming subyektlar aniqlangan. Bugungacha ularning 304,4 mingtasiga jami 7280,6 mlrd. so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan va 343,3 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etilgan.

Mahallalarda o‘tkazilgan xatlov natijasida jami 5,8 mingta ijtimoiy soha obyektlari ta’mirtalab holatdaligi aniqlangan. Hisobot davrida ularning 2,5 mingtasi jami 2,6 trln.so‘m mablag‘ hisobiga ta’mirlangan. Xususan, 832 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 1241 ta umumta’lim maktabi, 325 ta sog‘liqni saqlash muassasasi, 76 ta sport muassasalari hamda 219 ta boshqa ijtimoiy obyektlar ta’mirlangan.

Shu bilan birga, “Mahallabay” ishlash tizimini samarali tashkil etishni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida 2021-yil 1-iyundan boshlab Samarqand viloyatining tuman va shahar hokimliklari tuzilmasida eksperiment tariqasida bosqichma-bosqich yangi tizim joriy qilindi.

Ushbu tizimda tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari tomonidan muvofiqlashtirib boriladigan Mahallabay ishlash markazi davlat muassasasi shaklida tashkil etildi.

Amaldagi tizimga asosan mahallalarga biriktirilgan tijorat banklari xodimlari bilan birgalikda, endilikda, shu ish bilan doimiy shug‘ullanadigan, tuman hokimligidan oylik oladigan mahallabay ishlash inspektorlari har uchta mahallaga bittadan biriktirilgan holda faoliyat yuritishi yo‘lga qo‘yildi.

Mahallabay ishlash markazi va mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyatini o‘zaro bog‘liq holda raqamlashtirishni nazarda tutuvchi “Onlayn mahalla” dasturiy ta’minoti ishlab chiqilib, Samarqand viloyatida sinovdan o‘tkazilmoqda.

Hozirgi kunda “Mahallabay” ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, xususan, “Mahalladan chiqmay turib barcha xizmatlardan foydalanish” tamoyili asosida davlat tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar taqdim etilishiga imkon yaratish maqsadida mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha hokim yordamchisi lavozimini joriy etish bo‘yicha tegishli vazirlik, idoralar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi ishlab chiqilib, belgilangan tartibda vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda.

Ushbu ishlarni amalga oshirish natijasida, respublikaning turli hududlarida yashovchi 1 mln 802 mingdan ortiq aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi va 1 738 ta aholi punktlarida 4 mln 780 mingdan ortiq aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi hamda Respublika aholisining ichimlik suv ta’minoti 61,5% dan 70,0% ga ko‘tarildi.

Shu bilan birga, viloyatlarimizdagi olis hududlardagi markazlashgan ichimlik suv ta’minoti yetib bormagan aholiga ichimlik suvini tashib yetkazib berilishini ta’minlash maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy yilda suv ta’minoti korxonalariga 100 ta maxsus mashinalar olib berildi.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati

Manba:mineconomy.uz


conv
conv
phone