19 marta ko'rildi
Nashr etilgan 10/01/2022 - 13:01

Minimal iste'mol xarajatlari qiymati to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021- yil 27- avgustdagi “Minimal iste'mol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibini amaliyotga joriy etish to‘g‘risida”gi 544-son qaroriga asosan 2021- yilda respublikaning barcha hududlarida 10,6 ming uy xo‘jaliklari o‘rtasida o‘tkazilgan kuzatuv natijalari asosida minimal iste'mol xarajatlari qiymati hisoblandi.

Bunda, xalqaro uslubiyotdan kelib chiqib, minimal iste'mol xarajatlarni hisoblashda so‘rovnomada ishtirok etgan uy xo‘jaliklari xarajatlari miqdori bo‘yicha o‘nta guruhga ajratilib, ushbu oilalar orasidan eng kam xarajat (daromad)ga ega bo‘lgan 30 foiz uy xo‘jaliklari ajratib olindi.

So‘rovnoma asosida mazkur uy xo‘jaliklarida jon boshiga kunlik iste'mol qilinadigan oziq-ovqat (2200 kkal) va zarur bo‘lgan nooziq-ovqat tovarlar hamda xizmatlar uchun minimal iste'mol xarajatlar bir oyda kishi boshiga 498 ming so‘mni tashkil etishi hisob-kitob qilindi.

Ma'lumki, 2020- yilda 5,4 ming uy xo‘jaligi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma yakuni bo‘yicha dastlabki hisoblangan minimal iste'mol xarajatlari 2021- yil narxlarida 440 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning may oyida e'lon qilingan.

Jahon tajribasida minimal iste'mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichdan:
• davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko’maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;
• mamlakat kambag‘allik chegarasini belgilashda foydalanish va bunda target guruhdagi aholining real iste'mol xususiyatlari va talablarini inobatga olish;
• kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;
• pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarni ko‘rsatishda mezon sifatida foydalaniladi.

 

 manba:mineconomy.uz


conv
conv
phone