150 marta ko'rildi
Nashr etilgan 31/03/2022 - 13:50

Shakar narxlarining o‘zgarishi yuzasidan ma'lumot

So‘nggi kunlarda qo‘shni davlatlar, shuningdek, Rossiya hukumati tomonidan shakar eksporti uchun joriy qilingan cheklovlar va chakana savdo tarmog‘ida kutilayotgan uzilishlar fonida ichki bozorda ham shakar mahsulotiga sun’iy talab bosimining oshishi hisobiga 15-17-mart kunlari o‘tkazilgan birja savdolarida mahsulot narxining vaqtinchalik oshishi kuzatildi.

Shuni alohida qayd etish lozimki, ichki bozorda shakarga bo‘lgan yillik ehtiyoj o‘rtacha 600 ming tonnani tashkil etib, respublikada yillik umumiy ishlab chiqarish quvvati 750 ming tonnaga teng bo‘lgan shakar ishlab chiqaruvchi “Xorazm shakar” MCHJ (360 ming tonna) va “Angren shakar” MCHJ (390 ming tonna) korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Mahalliy korxonalarning mavjud ishlab chiqarish quvvatlari ichki iste’mol bozorini shakar mahsuloti bilan to‘liq va kafolatli ta’minlash imkonini beradi.

Shuningdek, narx oshishi sharoitida shakar narxi barqarorligini ta’minlash maqsadida mahalliy shakar ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan birja savdolariga qo‘yiladigan kunlik shakar hajmini joriy yil mart oyi boshidagi 1 440 tonnadan 2 200 tonna yoki 50 foizgacha oshirish bo‘yicha kelishib olindi.

Bundan tashqari, birja savdolaridagi spekulyativ holatlarni oldini olish bo‘yicha aniq choralar belgilandi. Xususan,

shakar mahsuloti bo‘yicha savdolarni bir savdo sessiyasida tashkil etish hamda yutib olingan tiket bo‘yicha bitimlarni keyinchalik bekor qilinishining oldini olish maqsadida birja savdolari bo‘yicha avans to‘lovlari miqdori amaldagi 2 foizdan 10 foizgacha oshirildi;

bir savdo sessiyasida bir xaridor tomonidan xarid qilish mumkin bo‘lgan miqdor 20 tonna etib belgilandi (oldin – 40 tonna bo‘lgan).

Natijada 30 mart kuni o‘tkazilgan birja savdolarida shakar narxi joriy yil 17-martga nisbatan 25 foizga pasaydi.

Xususan, 2021-yilda respublikaga aholi va ishlab chiqaruvchilar ehtiyojini 110 foiz darajasida qoplash imkonini beradigan (96 foizdan ortiq qismi Braziliyadan, 1 foizi Rossiyadan) shakar va shakar xomashyosi import qilingan.

Shuningdek, joriy yil boshidan bugungi kunga qadar amalga oshirilgan shakar mahsulotlari importi hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10 foizga yuqori.

Mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan xalqaro xorijiy treyderlar bilan imzolangan shartnomalarga asosan 2022-yil yakuniga qadar shakar xomashyosini yetkazib berish ko‘zda tutilgan bo‘lib, kafolatli yetkazib berish jarayoni sug‘urtalangan.

Tashqi bozorlardagi o‘zgaruvchan vaziyatni inobatga olgan holda shakar xomashyosini uzluksiz yetkazib berishning bir nechta yo‘nalishlari ishlab chiqilgan va sinovdan o‘tgan.

 

manba:Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Axborot xizmati


conv
conv
phone