194 marta ko'rildi
Nashr etilgan 14/03/2022 - 12:01

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevning hokimlik jamoalariga murojaati

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevning

hokimlik jamoalariga

M U R O J A A T I

  

Hurmatli hamkasblar, qadrli do‘stlar!

   Bugun O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi. So‘nggi yillarda sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilganini ko‘rish mumkin.

   Eng avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning siyosiy irodasi bilan korrupsiyaga qarshi kurash mamlakatimizda mutlaqo yangi sifat darajasiga chiqdi.

   O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yil 3 yanvar kuni «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonunni imzoladi. Bu esa, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, vakolatli organlar tizimi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning mazkur sohadagi ishtiroki, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar, jazo muqarrarligini ta’minlash borasidagi xalqaro hamkorlikni ta’minlashga yo‘l ochib berdi.

   Prezidentimizning 2020 yil 24 yanvardagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida «Jamiyatimizda korrupsiya illati o‘zining turli ko‘rinishlari bilan taraqqiyotimizga g‘ov bo‘lmoqda. Bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmaydi, umuman, jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmaydi», — deya ta’kidlagan edilar.

   Prezidentimizning «O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq, Toshkent shahar hokimligida Korrupsiyaga qarshi Ichki nazorat bo‘limi tashkil etildi. Mazkur bo‘lim tizimdagi tashkilotlar, idoralar rahbar-xodimlari bilan tushuntirish ishlarini olib bormoqda, o‘quv seminarlari tashkil etilmoqda. Ushbu islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, bu – korrupsiya illatlariga barham berishdir.

   Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha chora-tadbirlar asosida davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Xususan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tizimi tubdan takomillashtirilib, Prezidentning Xalq va Virtual qabulxonalari, «Ishonch telefoni» hamda har bir vazirlik va davlat idoralarining «ishonch telefonlari», «virtual qabulxonalari» tashkil qilinib, barcha darajadagi rahbarlarining «sayyor qabullari»ni o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

   Murojaatim yakunida dono xalqimizning ushbu  quyidagi so‘zlarini keltirmoqchiman. “Halollik bilan topilgan davlatda ulug‘ hikmat va chin saodat bor!”

Davlat rahbarining jamiyatni «halollik vaksinasi bilan emlash» zaruriyati haqidagi fikrlari hayotiy mantiqqa asoslangani bilan ajralib turadi. Buni har bir quyi darajadagi xodimdan tortib, eng yuqori bo‘g‘in rahbarigacha to‘g‘ri anglashi va unga qat’iy amal qilishi kerak!

Shunday ekan, men barchangizdan pok vijdon va halollik bilan faoliyat yuritishingizni istayman va ish joyingizda barcha bilan do‘st sifatida samimiy inson, yetuk xodim bo‘lishingizni so‘ragan bo‘lar edim.

 Korrupsion holatlarni oshkor eting, jamoangizdagi ijtimoiy muhitning yaxshilanishiga hissa qo‘shing, shaxsingizni oshkor etishni istamasangiz, hokimlikning ishonch telefonlariga murojaat qiling!

 Bu – Sizning ertangi kuningiz, bu – taraqqiyotga erishishdagi xalqimiz muvaffaqiyatlari yo‘lining garovidir!

Murojaat uchun ishonch raqamlari 71-210-01-50, 1066.

 

manba: www.tashkent.uz


conv
conv
phone