O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirining o‘rinbosari Soxib Saifnazarov Misr Arab Respublikasi Savdo va sanoat vazirining o‘rinbosari Axmed Taxa boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda vazir o‘rinbosari ikki mamlakat savdo-iqtisodiy, ayniqsa, biznes borasidagi munosabatlar yil sayin kengayib borayotganini, bunga Misr Arab Respublikasi Prezidenti A.as-Sisining o‘tgan yilgi yurtimizga tashrifi ham o‘ziga xos turtki bo‘lganini alohida ta'kidladi.
Vazir o‘rinbosari O‘zbekistonga investitsiya kiritish borasida yaratilayotgan shart-sharoitlar, jumladan, xorijiy tadbirkorlarning bu yurtga qiziqishlarini orttirish maqsadida valyuta konvertatsiyasi masalalari o‘z yechimini topganligini, zamonaviy logistika markazlarining barpo etilishi, ziyorat turizmini rivojlantirish, shuningdek, transport koridorlarining yaratilishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan batafsil ma'lumot berdi.
Misr Arab Respublikasi delegatsiyasi rahbari, Savdo va sanoat vazirining o‘rinbosari Axmed Taxa ham, o‘z navbatida, ikki mamlakatning manfaatli munosabatlarini kengaytirishda, farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat, qurilish materiallari sanoati, ziyorat turizmi kabi yo‘nalishlarda hali ochilmagan imkoniyatlar mavjudligini qayd etib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda yana qaysi jihatlarga e'tibor qaratish lozimligiga ham to‘xtab o‘tishdi.