1543 marta ko'rildi
Nashr etilgan 23/02/2019 - 15:01

Soliq konsepsiyasi ijrosi va tomorqadan foydalanish tanqidiy tahlil qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 fevral kuni soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi boʻyicha olib borilayotgan ishlar natijadorligi tahlili hamda navbatdagi muhim vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. 

Soliq yukini kamaytirish, soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish iqtisodiyotni rivojlantirishning eng muhim omillaridan biridir. Shu maqsadda oʻtgan yili Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi qabul qilingan edi. Yangi soliq tizimini joriy qilish boʻyicha respublika shtabi hamda hokimliklar huzurida hududiy shtablar tuzilib, joylarda tegishli tashkiliy va tushuntirish ishlari olib borildi. Natijada qoʻshimcha qiymat soligʻini toʻlashga oʻtayotgan korxonalar soni 5 barobar oshdi. 

Joriy yilning yanvar oyida byudjetga tushumlar boʻyicha prognoz barcha hududlarda bajarildi. Yanvar oyida inflyatsiya darajasi yillik hisobda 13 foizni tashkil etib, belgilangan prognoz koʻrsatkichdan oshmadi. Bu valyuta bozorini liberallashtirishdan keyingi davrdagi yillik inflyatsiyaning eng minimal koʻrsatkichidir. Bu esa, amalga joriy etilgan yangi soliq konsepsiyasi iqtisodiy va huquqiy jihatdan asosli ekanini koʻrsatadi. 

Yigʻilishda soliq idoralari ayrim xodimlarining malakasi, kasb masʼuliyati talab darajasida emasligi, oqibatda jiddiy xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotgani qayd etildi. 

Masalan, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarining ayrim tumanlarida umumbelgilangan soliq toʻlash tizimiga oʻtgan tadbirkorlik subyektlariga maslahat berish uchun soliq inspektorlari nomigagina biriktirilgan. 

Yigʻilishda yangi soliq tizimini joriy etishda sustkashlikka yoʻl qoʻygan ayrim viloyat hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari, tuman hokimlari va ularning oʻrinbosarlariga intizomiy choralar koʻrildi. 

Soliq va prokuratura idorasi xodimlari qulogʻiga quyib olsin: bu yil yangi soliq tizimining tartib-qoidalari va hisob-kitoblari tadbirkorlar ongida toʻliq shakllanmaguncha ularni jazolashga, jarimaga tortishga umuman yoʻl qoʻyilmaydi. Aksincha, ular tadbirkorlarga maslahatchi va koʻmakchi boʻlib, soliqlarni aniq hisoblash va toʻlashda toʻgʻri yoʻl koʻrsatishi kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev. 
 
7095ffc5-1fac-a36d-b4de-648aeb59fa61.jpg
Soliq xodimlari malakasini oshirish, soliq toʻlovchilarga hisobotlarni shakllantirish va hisob-fakturalarni toʻldirish tartibini oʻrgatish masalalari muhokama qilindi. 

Ayrim tadbirkorlar yangi soliq tizimini qoʻllash boʻyicha yetarli bilimga ega emasligi tufayli tovarlarga asossiz ravishda qoʻshimcha ustamalar hisoblash hollari uchramoqda. Bu isteʼmol bozorida narx-navoga oʻz taʼsirini oʻtkazmoqda. 

Shu bois respublika shtabiga hududlarga chiqib, joylarda narx-navo oshishi sabablarini doimiy tahlil qilish, ularning asossiz oʻsishining oldini olish boʻyicha qoʻshimcha takliflar ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Yangi soliq tizimi boʻyicha yuzaga kelayotgan koʻplab savollarga javob topish uchun uchrashuvlar, ommaviy axborot vositalarida maxsus chiqishlar tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berildi. 

Videoselektor yigʻilishida soliqlar toʻlovini amalga oshirishda noqonuniy holatlar aniq misollar asosida muhokama qilindi. Yirik ishlab chiqaruvchilar, importyorlar va ulgurji savdo tashkilotlari tomonidan sotilayotgan tovarlar harakatini tahlil qilish, naqd pulsiz hisob-kitob qilish koʻlamini kengaytirish, buning uchun elektron hisob-faktura tizimini tezroq joriy etish zarurligi taʼkidlandi. 

Soliq idoralariga joylardagi boqimanda qarzdorlikni undirish, byudjetga daromadlarning ichki zaxiralarini izlash boʻyicha tavsiyalar berildi. Jumladan, Davlat soliq qoʻmitasi huzurida yirik soliq toʻlovchilar va importyorlar bilan ishlaydigan hududlararo inspeksiya faoliyatini yoʻlga qoʻyish lozimligi qayd etildi. 

Qanchalik murakkab boʻlmasin, boshlagan islohotlarimizni oxirigacha yetkazishimiz zarur. Lekin targʻibot-tushuntirish ishlarini bahona qilib, oʻrganishlarni tekshiruvga aylantirishga mutlaqo yoʻl qoʻyilmaydi. Halol tadbirkor doimo davlat himoyasida, mening himoyamda, dedi Prezidentimiz. 

Yigʻilishda yana bir muhim masala – tomorqadan samarali foydalanish va bahorgi ekin ekish ishlari ham muhokama qilindi. 

Xalqimiz azaldan rizq undirish, bogʻ yaratishning hadisini olgan. Bugungi kunda koʻpchilik oʻz tomorqasidan samarali foydalanib, bir yilda 3 martagacha hosil olmoqda. Lekin, baʼzi joylarda tomorqaga ekin ekmaslik va qarovsiz tashlab qoʻyish holatlari ham yoʻq emas. Yurtimiz boʻyicha 328 mingta xonadondagi 20 ming gektar tomorqadan samarali foydalanilmayapti. 

Aslida tomorqa rizq-roʻz, qoʻshimcha daromad manbai, bandlikni, arzonchilikni taʼminlashning samarali yoʻlidir. Odamlarning oʻzida ham ekin ekish, daromad olish istagi bor. Lekin nima ekishni, urugʻ, koʻchatni qayerdan olishni bilmaydi. Kelgusida “mahsulotni sota olamanmi”, degan hadik ham yoʻq emas. 

Shu bois bu yil mart-aprel oylarida tomorqaga ekin ekish ishlari yangi tizimda, keng jamoatchilik ishtirokida tashkil qilinadi. Xalq qabulxonalari rahbarlari mahalla raislari bilan birga uyma-uy yurib, aholi talablari asosida ularga koʻmak beradi. Mahalliy byudjetlar zaxira jamgʻarmasidan 40-50 million soʻmdan mablagʻ ajratilib, kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga bozorbop sabzavotlar urugʻi, mevali daraxt va tok koʻchatlari yetkazib beriladi. 

Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi salohiyatli fermerlar yordamida aholining foydalanilmayotgan tomorqalarini ekishga tayyorlash va bozorbop ekinlar ekishni tashkil qiladi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasidan tomorqasi bor ishsiz fuqarolarga issiqxonalar tashkil etish, urugʻlik va koʻchat olish uchun eng kam ish haqining 10 barobarigacha miqdorida subsidiya ajratadi. 

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari, tuman va shaharlarning 4 ta sektor rahbarlari har bir hududning oʻziga xos xususiyatini hisobga olib, “bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida har bir mahallani meva-sabzavot yetishtirish, kichik issiqxonalar tashkil qilish, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, quyonchilik, kurkachilik kabi yoʻnalishlarga ixtisoslashtirish boʻyicha amaliy choralar koʻradi. 

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar boʻyicha mutasaddi rahbarlarning axboroti eshitildi. 
 

 
 
 
 

conv
conv
phone